O‘zbekistonda 2025-yilda budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalarni inflyatsiyadan past bo‘lmagan darajada oshirish rejalashtirilmoqda. Bu O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan, 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan budjetnoma loyihasida nazarda tutilgan.

Keyingi yil inflyatsiya 7 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ish haqini (budjetda rejalashtirilgan parametrlardan tashqari) 1 foizga qo‘shimcha oshirish uchun yiliga 1,5 trln so‘m (2024-yilda bu ko‘rsatkich 1,3 trln so‘m edi), pensiyalarni 1 foizga oshirish uchun esa 730 mlrd so‘m (600 mlrd so‘m) talab etiladi. Nafaqa oluvchilar sonining 10 foizga ko‘payishi esa yiliga 740 mlrd so‘mga tushadi.

Kelgusi yilda budjet tuzilmasida ish haqi xarajatlarining (ijtimoiy soliqlarni ichiga olgan holda) ulushi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 9 foizdan 9,5 foizgacha oshishi va davlat umumiy xarajatlarining qariyb 44,8 foizini tashkil etishi kutilmoqda. Davlat budjetining ish haqi bo‘yicha umumiy xarajatlari 27,6 trln so‘mga — 126,7 trln so‘mdan (dastlab 133,3 trln so‘m bo‘lishi rejalashtirilgandi) 154,3 trln so‘mga (+21,8 foiz) oshishi prognoz qilinmoqda.

Moliyachi Otabek Bakirov ish haqini oshirish 2024-yildagidek IV chorakda emas, birinchi yarim yillikda amalga oshirilishi mumkinligini taxmin qildi.

Pensiya oluvchilar soni 4,1 mln kishidan 4,3 mln kishiga (300 ming yangi pensiya oluvchilar va -100 ming), pensiya ta’minotiga sarflanadigan xarajatlar esa 64,1 trln so‘mdan 75 trln so‘mgacha (+17 foiz) oshishi kutilmoqda. O‘rtacha pensiya miqdorining o‘sishi 11,7 foiz darajasida bo‘lishi (1,299 mln so‘mdan 1,45 mln so‘mgacha) prognoz qilinmoqda.

Raqamlarga qaraganda, 2025-yilda stipendiyalar miqdori oshirilmaydi (ketma-ket to‘rtinchi yil). Davlat budjetining stipendiyalar bo‘yicha umumiy xarajatlari 1,9 trln so‘mdan 2 trln so‘mgacha (+5,3 foiz) oshishi talabalar soni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

2024-yilda ish haqi

2024-yilgi Davlat budjetida ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdorini oshirish uchun 9,55 trln so‘m miqdorida mablag‘ nazarda tutilgandi. Budjetnomada ish haqini 1 foizga oshirish yiliga 1,3 trln so‘m, pensiyalarni 1 foizga oshirish esa yiliga 600 mlrd so‘m qo‘shimcha xarajatlarga olib kelishi aytilgandi.

Budjetdan ajratilgan mablag‘ 1-maydan ish haqi va pensiyalarni 7,5 foizga oshirish uchun yetarli bo‘ldi. Bu yerda quyidagi formula ishlatilgan: (9,6 / 1,3 + 0,6) * 12/8.

Shu bilan birga, pensiya va nafaqalar 1-sentabrdan 15 foizga oshirildi — yilning qolgan 4 oyi uchun qo‘shimcha xarajatlar 3 trln so‘mni tashkil etdi, ish haqining 1-oktabrdan o‘rtacha 12,5 foizga (o‘qituvchilar va shifokorlarniki 15 foizga, qolganlarniki 10 foizga) oshirilishi esa qolgan 3 oy uchun 4,1 trln so‘m qo‘shimcha xarajatlar talab qildi. Formulalar: pensiyalar uchun 15 = 12/4 * (X/0,6) va ish haqi uchun 12,5 = 12/3 * (X/1,3).

Davlat budjetining ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini oshirish bo‘yicha jami xarajatlari 7,1 trln so‘mni tashkil etdi, bu dastlab rejalashtirilganiga (9,6 trln so‘m) nisbatan qariyb 2,5 trln so‘mga kam.

2025-yilda ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini oshirish xarajatlari uchun 6,63 trln so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda.