O‘zbekistonda o‘tgan haftadagi asosan iliq kunlardan so‘ng, 4−10-noyabr kunlari bulutli va beqaror sovuq ob-havo hukmronlik qilishi kutilmoqda.

Manba: nasa.comManba: nasa.com

Xususan, Volgabo‘yi hududlaridan Kaspiy dengizi orqali kirib kelishi kutilayotgan nam havo oqimlari 5−6-noyabr kunlari O‘zbekistonning ayrim viloyatlarida kuchli yog‘ingarchiliklar bo‘lishini ta’minlaydi. 7-noyabrdan esa antitsiklon chekkasi ta’sirida tungi havo harorati mamlakatning ko‘plab hududlarida qariyb oy o‘rtalariga qadar nol daraja atrofida bo‘ladi.

ob-havo, ob-havo prognozи, ob-havo шарҳи, эркин абдuлаҳатов

Sovuq havoning shimoli-g‘arbdan kirib kelishi 4-noyabrdan 7-noyabrga qadar respublikada g‘arbdan sharqqa harakatlanuvchi bir nechta nam havo oqimlari ta’siridan vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik bo‘lishiga olib keladi. Asosiy yog‘inlar Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyati hududlarida kuzatiladi.

7-noyabr kuni Farg‘ona vodiysi orqali chiqib ketishi kutilayotgan so‘nggi nam havo oqimi o‘rnini antitsiklon chekkasi egallaydi. Bu kabi jarayon hududlarga quruq, sovuqroq ob-havo muhitini ulashadi. Respublika shimoli 6-noyabr kunining o‘zida uning ta’siriga tushadi.

“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 4-oktabrda bir vaqtning o‘zida respublikning shimolida +13 daraja, janubida esa qariyib +30 daraja issiq harorat kuzatiladi. Shimol va janubda haroratning bu darajada farqlanishi respublikaga sovuq nam havo oqimlarining kirib kelayotganidan dalolat.

Dushanba kuni kunduzi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida, kechga tomon Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida yog‘ingarchilik kutiladi. Surxondaryo va vodiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Harorat tunda shimolda +5…+10 daraja, janubda +11…+16 daraja oralig‘ida, kunduzi — shimoliy va janubiy viloyatlardan tashqari — hududlarda +20…+25 daraja issiq bo‘ladi. Havo oqimlari o‘rin almashinayotgani bois, cho‘l va janub hududlarda kuchli shamol va chang to‘zonlari ko‘tarilishi mumkin.

ob-havo, ob-havo prognozи, ob-havo шарҳи, эркин абдuлаҳатов

Sinoptiklar respublika hududlari 5−7-noyabr kunlari ham nam va sovuq havo oqimlari ta’sirida bo‘lishiniмаълuм qilgan. Shimolda 6-noyabrdan, boshqa hududlarda 7-noyabrdan haroratning kunduzi ham, tunda ham keskin pasayib ketishi prognoz qilingan. Masalan, 6−7-noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati kunduzi +5…+10 daraja bo‘lgani holda, tunda +3 daraja iliqdan -2 daraja sovuqqacha pasayadi.

5-noyabr kunlari respublikaning katta qismida issiqroq, bahoriy harorat saqlansa-da, 7-noyabrdan respublika antitsiklon chekkasi ta’siriga tushadi. Shu kuni mamlakatning janubiy viloyatlardan tashqari boshqa hududlarida havo harorati +12 darajadan yuqoriga ko‘tarilmaydi. Hafta o‘rtasiga kelib janubiy viloyatlarda ham harorat hafta boshidagiga nisbatan qariyib 15 darajagacha pasayib ketadi.

Seshanba-payshanba oralig‘ida O‘zbekistonda asosan bulutli havo, vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchiliklar, 6-noyabr kuni tezligi sekundiga 20 metr kuchga ega davomli frontoldi shamollar kuzatilishi, joylarda chang massalari ko‘tarilishi mumkin. Aholi bu kunlari haqiqiy kuz ob-havosiga guvoh bo‘ladi. 5−6-noyabr kunlari Navoiy, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatining ayrim hududlarida yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin. Ba’zi prognozlarda 5-noyabr kuni mamlakat markazida yog‘inlar hatto chaqmoq-momaqaldiroq xususiyatli bo‘lishi mumkinligi ham keltirilgan.

ob-havo, ob-havo prognozи, ob-havo шарҳи, эркин абдuлаҳатов

Juma va dam olish kunlari respublika hududlaridagi ob-havoni antitsiklon chekkasi belgilaydi. Bu oqim kunduzi haroratni hafta o‘rtasidagiga nisbatan biroz yuqori bo‘lishini ta’minlasa-da, tunda qariyb nol daraja atrofida bo‘lishi saqlanadi. Shu kunlarda kunduzi havo harorati shimolda +8 daraja, respublikaning boshqa hududlarida +14 daraja, janubda esa +17 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Hafta davomida kelayotgan nam havo oqimlaridan u darajada ko‘p yog‘ingarchilik kutilmaydi. Masalan, ba’zi iqlim modellariga ko‘ra, 4−10-noyabr oralig‘ida respublikaning tekislik hududlarida umumiy yog‘ingarchilik miqdori 5−25 mm gacha, vodiy markazi, sharqi va Toshkent viloyatida 25−45 mm gacha, tog‘larda esa 80 mm gacha bo‘lishi prognoz qilingan. Shimol va cho‘l hududlarida esa, odatdagidek, u qadar katta yog‘ingarchilik kutilmalari mavjud emas.

Manba: GEFS iqlim modeliManba: GEFS iqlim modeli

Nam havo oqimlari kirib kelishi kutilayotgan 4 va 6-noyabr kunlari cho‘llarda va janubiy viloyatlarda kuchli shamollar kuzatilishi mumkin. Shamollar tezligi u qadar yuqori xavf-xatar keltirib chiqaruvchi kuchga ega bo‘lmaydi, ammo davomli bo‘lishi hisobga olinsa, hududlarda chang to‘zonlar ortishi mumkin. Ammo uning ortidan kutilajak yog‘inlar changni tez bosish xususiyatiga ega.

Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

4−7-noyabr kunlari O‘zbekiston aholisi siklonal omil ta’siriga tushadi. Markazida atmosfera bosimi 1000 gPagacha pasayuvchi bu safargi siklonal ta’sir aynan mana shu omil ta’siridan bezovtalanadigan kishilar uchun sezilardi qiyinchiliklar keltirib chiqarishi mumkin. Siklonal ob-havo muhitini inson organizmiga ta’sirini kamaytirishda avvalgi materiallarda berilgan tavsiyalarga amal qilish mumkin.

Bundan tashqari, hafta boshi va o‘rtalarida O‘zbekistonning katta qismida aholi bulutli ob-havo ta’sirida organizmda serotonin gormoni yetishmasligini boshidan kechirishi mumkin. Serotonin yetishmasligi, odatda, quyidagi simptomlar bilan namoyon bo‘ladi: depressiya, tashvish, uyqusizlik, ishtaha o‘zgarishi, tez charchash, umumiy lanjlik, kognitiv funksiya buzilishi (e’tibor qaratish qobiliyati pasayishi).

Tavsiyalar. Serotonin gormoni yetishmasligi oldini olish uchun ovqatlanish ratsioniga tuxum, yong‘oq, go‘sht mahsulotlari va losos balig‘i qo‘shish kerak. Muntazam jismoniy mashqlar ham serotoninni oshiradi. Eng asosiy tavsiya — oftob bulutlar orasidan “mo‘ralagan” vaqtlarda imkon qadar uning taftidan bahra olishga intilish kerak. Shuningdek, shifokor maslahati bilan serotoninni ko‘paytiruvchi vitaminlar ichish ham maqsadga muvofiqdir.

8−10-noyabr kunlari antitsiklon omili odamlarning ichki qon bosimiga ta’sir qilishi mumkin. Ammo kutilayotgan antitsiklonal jarayon salomatlikka jiddiy zarar ko‘rsatadigan kuchga ega emas. Ko‘rsatilgan sanalarda o‘z tanida antitsiklon ta’sirini sezgan — holsizlik his qilgan yoki qon bosimi o‘zgargan kishilar shifokor ko‘rsatmasi asosida avvalgi materallardagi tavsiyalarga amal qilishi foydadan xoli bo‘lmaydi.

Bu davr oralig‘ida Farg‘ona vodiysi kabi aholisi zich hududlarda havo harorating pasayishi tuman, g‘ubor kabi tabiat hodisalarining sonini oshirib, yosh bolalar orasida turli mavsumiy kasalliklarni ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin.

4 va 6-noyabr kunlari hududlarga navbatdagi nam havo oqimlarining kirib kelishi jarayonida atmosfera bosimining keskin o‘zgarishi, “barik tubsizlik” hodisasi ro‘y berishi mumkin. Bunda qon bosimining o‘zgarishidan aziyat chekuvchi kishilar o‘zlarini ehtiyot qilishlari lozim. “Barik tubsizlik”ning eng ko‘p uchraydigan alomatlari — bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, fotofobiya, havo yetishmasligi, ko‘ngil aynishi va qon bosimining ko‘tarilishi yoki pasayishidir. Ko‘rsatilgan sanalarda miya qon oqimining buzilishi, gipertoniya, yurak xuruji xavfi ortishi mumkin.

Tavsiyalar. “Barik tubsizlik” holatida oqilona ish va dam olish rejimiga rioya qilish, stressli va ortiqcha jismoniy faoliyatdan qochish, uyqu rejimiga rioya qilish tavsiya etiladi. Qahva, choy va shakarli ichimliklardan ko‘ra toza gazsiz suv, umuman, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilish muhim.

Qisqacha aytganda, joriy hafta boshidagi ob-havo o‘zgarishlari bunday o‘zgarishlarga moyil kishilar salomatligiga biroz xavf tug‘dirishi mumkin.

Bioiqlimiy sharoitlar

Shimoliy hududlardan boshqa joylardagi aholi dushanba kuni kunduzi nisbatan yengil kiyimlar kiyib yura olsa-da, keyingi kunlarda bunday qila olmaydi. Seshanbadan biroz qalinroq, payshanbadan esa qalin kiyimlar kiyishga o‘tiladi. Hafta o‘rtasidan tunda va tongda haroratning +5 darajadan ham tushib ketishi hatto bosh kiyim kiyishga undaydi. Bunday ob-havo muhiti dam olish kunlari ham deyarli o‘zgarmaydi, faqat kunduzi hafta o‘rtasiga nisbatan biroz yengilroq kiyim kiyish mumkin bo‘lar. Ammo tunda baribir qalin kiyinishga to‘g‘ri keladi.

Toshkentda 7-noyabrdan boshlab ko‘p qavatli xonadonlar va ijtimoiy obyektlarga issiqlik ta’minotiga start berilishi lozim. Chunki aynan shu kundan boshlab antitsiklon chekkasi va boshqa havo oqimlari poytaxtda ketma-ket kamida 6 kun o‘rtacha havo harorati +8 darajadan past bo‘lishini ta’minlaydi. Berilgan axborotga ko‘ra, issiqlik ta’minotiga mas’ul Veolia Energy Tashkent kompaniyasi kuz-qush mavsumi uchun issiqlik ta’minotini yetkazib berishga shay.

ob-havo, ob-havo prognozи, ob-havo шарҳи, эркин абдuлаҳатов

Kuzgi sayr-sayohatlarni xush ko‘ruvchilar uchun joriy hafta ayni muddao — yirik shaharlarda daraxtlar oltin ranglarga burkanib, bulutli va quyoshli manzara bilan birga ko‘pchilikka estetik zavq ulashadi. Hafta o‘rtalarida esa qor yog‘ishini kuzatish uchun tog‘larga chiqish mumkin.

Kosmik ta’sirlar

2−3-noyabr kunlari Quyosh sirtidagi bir nechta M sinfli chaqnashdan ajralib chiqqan quyosh plazmalar Yerda 4−5-noyabr kunlari 3−4 ballik magnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Qozog‘istondagi Ionosfera institutining joriy hafta ish kunlari uchun taqdim etgan geomagnit bo‘roni prognoziga ko‘ra, bu hafta aholi kuchli geomagnit bo‘ronlaridan bezovtalanmaydi, faqat dushanba va seshanba kunlari magnit bo‘roni biroz qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq “sariq” xavfga ega. Ammo bu qo‘zg‘alish ham aholi salomatligiga katta xavf tug‘dirmaydi.

Manba: ionos.kzManba: ionos.kz

Bu kabi prognozlarning o‘zini oqlash darajasi ancha pastligicha qolmoqda. Quyosh o‘zining har 11 yillikdagi eng faol chaqnashlari davrida turibdi. Quyoshda to‘satdan X va M sinfli chaqnashlar soni kuzatilishi bilan uning koronal massasini Quyosh shamollari orqali Yerning yuqori atmosferasiga 2−3 sutkada yetib kelishiga va sayyorada “kuchli”, “juda kuchli” va hatto “ekstremal” geomagnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin. Hozirda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq sana uchun ishonchli prognoz qiladigan yechimlar mavjud emas.

Tavsiyalar. Magnit bo‘roniga ta’sirchan aholi qatlami bo‘ron vaqti jismoniy zo‘riqishlardan qochishi, ko‘proq dam olishi, ko‘p ovqatlanmasligi, spirtli ichimliklardan tiyilishi maqsadga muvofiq. Shifokorlar bunday paytda ko‘proq suv ichishni ham tavsiya etadi.

Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi

Hafta o‘rtalariga qadar kuzatiladigan yomg‘irli ob-havo muhiti havoda mayda dispers zarrachalari tarqalishiga imkon qoldirmaydi. Faqat dushanba kuni haroratning yuqori ko‘tarilishida pastdan yuqoriga ko‘tariluvchi kuch hisobiga hamda juma-shanba kunlari antitsiklonal jarayon fonida quyosh chiqish arafasida havoda, inversiya hodisasi sabab, xiralik ortishi va ifloslanish ro‘y berishi mumkin. Lekin bu ifloslanishlar, katta ehtimol bilan, xavfli darajalarga ega bo‘lmaydi. Bu kabi prognozlar atmosferaning tabiiy ifloslanishi hisoblanib, joylarda antropogen iflosalanishlar aholi, idora va tashkilotlarning xatti-harakatiga bog‘liq.

Cho‘llarda va janubiy viloyatlarda esa dushanba kuni frontoldi shamollari chang to‘zonlarni keltirib chiqarishi va havoda aynan chang omili hisobiga kuchli ifloslanish yuz berishi mumkin. Bunday paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.

Shunday qilib, joriy hafta ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar juma va shanba bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini ancha yengil his qiladi.