O‘zbekiston havaskor boksni tartibga solish maqsadida tuzilgan World Boxing xalqaro boks tashkiloti a’zoligiga qabul qilindi. Bu haqda xalqaro tashkilot rasmiy sahifasida xabar e’lon qilindi. Bu ma’lumotni O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati tasdiqladi.

World Boxing tashkiloti AQShning Kolorado shtatidagi ikkinchi yillik Kongressda to‘rtta yangi a’zoning arizalarini ma’qulladi.

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Gvatemala va Laos mamlakatlarining boks milliy federatsiyalaridan tashkilotga a’zo bo‘lish uchun arizalar tasdiqlangan.

“Dunyoning yetakchi boks mamlakatlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston va Qozog‘istonning tashkilotga qo‘shilishi World Boxing uchun katta o‘zgarish bo‘lib, hozirda 13 ta a’zoga ega Osiyodagi yangi xalqaro Federatsiyaning izini sezilarli darajada oshiradi”, — deyiladi xabarda.

Tashkilot O‘zbekiston so‘nggi ikki Olimpiya o‘yinlarida boks bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri ekani, mamlakat Parijdagi medallar jadvalida beshta oltin bilan birinchi o‘rinni egallaganini e’tirof etdi. Shuningdek, tashkilot Qozog‘istonni ham kuchli sport uyi sifatida qaraydi.

Bizning ikkinchi Kongressimizda jahon boksining to‘rtta yangi mamlakatni kutib olishi ajoyib, men ishonamanki, bularning barchasi bizning missiyamizda muhim rol o‘ynaydi. Boks Olimpiya harakatining markazida qoladi, dedi World Boxing prezidenti Boris van der Vorst.

Uning aytishicha, joylarda katta o‘zgarish bo‘lmoqda va ko‘plab Milliy Federatsiyalar World Boxing tashkilotiga qo‘shilishni xohlashadi, chunki bu bokschilarning Olimpiya orzularini saqlab qolishning yagona yo‘lidir.

Milliy boks federatsiyasi mamlakat endi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bilan mojarolar ostida qolgan IBAni tark etishi yoki yo‘qligi haqidagi savolga javoban, bu haqda hozircha aniq ma’lumot yo‘qligini aytdi. Biroq, yangi tashkilot rahbari Boris van der Vorst federatsiyalar Xalqaro boks assotsiatsiyasiga (IBA) sodiqligini saqlab qolgan holda ham World Boxing tashkilotiga qo‘shilishlari mumkinligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 8-oktabr kuni World Boxing xalqaro sport federatsiyasi prezidenti Boris van der Vorst O‘zbekistonga kelgandi. O‘shanda u sport rasmiylariga tashkilotning maqsadlari haqida ma’lumot berib, O‘zbekistondan kuchli qo‘llov olganidan xursandligini bildirdi.

World Boxing xalqaro tashkiloti haqida

Tashkilot havaskor boksni tartibga solish maqsadida, shuningdek, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) va Xalqaro boks assotsiatsiyasi o‘rtasidagi mojaroli (IBA) munosabatlar fonida tashkil etilgan. Uning tashabbuskori O‘zbekistonga ham tashrif buyurgan niderlandiyalik Boris van der Vorstdir. Kun.uz`ning yozishicha, u bir yil avval “saylov davridan tashqari tashviqoti” tufayli IBA prezidentlik saylovidan chetlatilgan.

Keyinroq amaldor Kremlyov boshqaruvidan norozi bo‘lgan 18 ta milliy havaskor boks federatsiyasini o‘z ichiga olgan World Boxing tashkilotini tuzdi. Uning maqsadi “havaskor boksning Olimpiya kelajagini saqlab qolish” deb ataldi. Shu bilan birga, yangi tashkilot XOQ tarkibiga kirish uchun ariza yuborgan.

Tashkilot boksni Olimpiya sporti sifatida saqlab qolish uchun kampaniya olib bormoqda. Shu jumladan Qozog‘iston boks federatsiyasi yaqinda Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) a’zoligidan chiqdi va mazkur yangi tashkilotga (World Boxing) a’zo bo‘lish niyatida. Mamlakat boks federatsiyasi raisi buni mahalliy bokschilarning Olimpiya o‘yinlaridagi kelajagi uchun qilinayotganini ma’lum qildi.