O‘zbekiston AQSh bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda 3-noyabr kuni prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov LinkedIn`da ma’lum qildi.

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston bilan tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 21-davlat bo‘ldi.

“14 oylik faol muzokaralar o‘z mantiqiy manziliga yetdi! Bu oson bo‘lmagan yo‘l, murakkab, ammo mazmunli muzokaralar, umr bo‘yi esda qoladigan tajriba bo‘ldi. Bularning barchasi davlatimiz rahbarining ushbu tashkilotga qo‘shilish borasidagi ko‘rsatmalari va qo‘llab-quvvatlashlari, prezidentimiz yordamchilarining islohotlarni faollashtirishdagi say-harakatlari, bir butun JST jamoasining tinimsiz mehnati natijasidir”, — deya yozdi u.

азиз uрuнов, жст, ақш, muzokaralar

Prezidentning maxsus vakili AQSh savdo vakili ofisiga “konstruktiv ishtiroki” uchun minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistonning Vashingtondagi elchisi Furqat Sidiqov va diplomatik vakolatxona huzuridagi savdo maslahatchisi Oqil Ubaydullayevga tashakkur izhor qildi.

Hozirda tomonlar bozorga kirish to‘g‘risidagi bayonnomani imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Sentabr oyida O‘zbekiston 18 ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Braziliya va Shri-Lanka bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni tugatish to‘g‘risida bayonnomalar imzolandi.

Avgust oyida tadbirkorlar bilan uchrashuvda prezident Shavkat Mirziyoyev JSTga a’zo bo‘lishni “chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarimizning ajralmas bir qismi” deb ta’riflagandi. Ilgari iqtisodiyot “ma’lum darajada himoyaga muhtoj edi”, ammo bu yo‘ldan borishda davom etsak, mamlakat imkoniyatlari cheklanib qoladi, degandi u.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev may oyida O‘zbekiston 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-vazirlar konferensiyasiga qadar Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.

O‘tgan yilning avgust oyida prezident 2025-yildan boshlab import dori vositalari va tibbiy buyumlarni bojxonada rasmiylashtirish yig‘imini bekor qilish, import tovarlarni davlat tilida markirovkalash tartibiga o‘zgartirishlar kiritish va boshqa masalalarni nazarda tutuvchi farmonni imzoladi.

Alohida farmon bilan metallurgiya, kimyo, energetika va telekommunikatsiyalar sohasidagi mutlaq huquqlar ham bekor qilinmoqda. Bundan tashqari, 2026-yil iyul oyidan boshlab mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun davlat xaridlarida imtiyozlar, shuningdek, mahalliy elektrotexnika uchun narx imtiyozlari qisman bekor qilinadi.