4-noyabr kuni tongda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida Cobalt avtomobili va Isuzu avtobusi to‘qnashib ketgani ortidan mashinalarda yong‘in chiqdi. Viloyat IIBB YHXB holat bo‘yicha surishtiruv ishlari ketayotganini ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Cobalt haydovchisi avtomobil yo‘lida ketayotganda yo‘lning mumkin bo‘lgan qismidan qayrilib olayotgan Isuzu avtobusi bilan to‘qnashib ketgan. Hodisadan so‘ng transport vositalarida bo‘lgan fuqarolar avtomobil salonidan chiqarib olingan. Vafot etganlar yo‘q.
Birozdan so‘ng avtoulovlarda qisqa tutashuv yuz berib, yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan bartaraf etilgan. Yong‘in natijasida atrofdagi boshqa fuqarolarga zarar yetmagan. Hozirda holat yuzasidan Ohangaron tumani IIB xodimlari surishtiruv ishlari olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, 3-noyabr kuni Qamchiq dovonida yuk avtomobili yonib ketgani ortidan dovon yo‘lida harakatni vaqtincha to‘xtatishga to‘g‘ri kelgandi.