May oyida qo‘lga olingan Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimining sobiq o‘rinbosari 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, amaldor qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi korxonaga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik evaziga 20 ming dollar talab qilgan. Shu bilan birga, u tashkilot faoliyatiga hech kim aralashmasligini ta’minlashi kerak bo‘lgan, biroq 1000 dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik), shuningdek, 28,211-modda 3-qismi “a” bandi bilan (Juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, DXX boshqa huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda yana bir tuman hokimi o‘rinbosari hamda ikki nafar hokim yordamchisining mahallalarda qo‘lga olingani haqida xabar berdi.
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hokimining o‘rinbosari Korashin shaharchasini obodonlashtirish doirasidagi obyektni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasini imzolagani uchun 5 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Olib borilgan tezkor tadbir davomida viloyat hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi” yetakchi mutaxassisi ham 15 mln so‘m olayotgan vaqtda ushlangan. Ushbu mablag‘ obyektdagi kamchiliklar bo‘yicha solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish uchun mo‘ljallangan.
Qo‘lga olinganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a” bandi (Tamagirlik yo‘li bilan pora olish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Navoiy viloyati Navoiy shahrida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya rahbari mahallalardan birida Xatirchi tumanidagi hokim yordamchisining taqdimnomasiga asosan bir fuqaroga bankdan 100 mln so‘m imtiyozli kredit ajratib berishni va’da qilib, 20 mln so‘m olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Muqaddam sudlangan hokim yordamchisi o‘z “xizmati” uchun 10 mln so‘m hamda Xatirchi tumanidagi bank mutaxassisi tegishli hujjatlarni tayyorlab, kredit mablag‘i ajratib berish evaziga 2 mln so‘m olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Andijon viloyati Shahrixon tumani hokimning mahalladagi yordamchisi fuqaroga 9 mln so‘m to‘lasa, 100 mln so‘m imtiyozli kredit olishni va’da qilgan. Biroq u pullarni olayotganida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 214-moddasi (Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.