AQShda 5-noyabr kuni prezident saylovi (shuningdek, Kongress a’zolari saylovi, ayrim shtatlarda esa gubernatorlar va hududiy qonunchilik organlariga saylovlar) ham bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbari lavozimi uchun Demokratik partiyadan amaldagi vitse-prezident Kamala Harris, Respublikachilar partiyasidan esa sobiq prezident Donald Tramp nomzodi ko‘rsatilgan. Nomzodlarning nuqtai nazarlari ko‘plab masalalar bo‘yicha bir-biriga mos kelmaydi. Saylovda g‘olib chiqqanidan so‘ng, har bir nomzoddan u yoki bu sohalarda nimalar kutish mumkin? Meduza shu savolga javoblarni sohalar kesimida bir sahifaga jamladi.

Iqtisodiyot

Kamala Harris iste’mol tovarlari narxining keskin oshishini taqiqlashga doir qonunni qabul qilishni, turar joy qurilishi sur’atini oshirishni hamda korporatsiyalar va badavlat amerikaliklarga solinadigan soliqlarni oshirish evaziga o‘rta va kam daromadli oilalar uchun soliq imtiyozlarini kengaytirishni va’da qilmoqda. Donald Tramp esa armiya uchun xarajatlarni oshirishni, soliqlarni keng miqyosda kamaytirishni va budjetni barcha import mahsulotlarga savdo bojlarini oshirish hisobidan boyitishni rejalashtiryapti.

Davlat qarzi

Qaysi nomzod saylanishidan qat’i nazar, qarz miqdori oshadi. Hozir AQSh milliy qarzining hajmi mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YAIM)ga nisbatan 99 foizga teng hamda budjet daromadlari va xarajatlarining joriy darajasida u 2026-yilda 102 foizga va 2035-yilda 125 foizgacha o‘sadi. Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Harris prezident bo‘lsa, qarz hajmi 10 yil davomida o‘rtacha 4 trln dollarga — YAIMga nisbatan 133 foizgacha oshadi. Tramp prezident bo‘lsa, qarz 7,75 trln dollarga o‘sib, YAIMga nisbatan 142 foizga yetadi.

Abort masalasi

Kamala Harris abort qildirish bo‘yicha AQSh Oliy sudi tomonidan 2022-yilda bekor qilingan federal huquqning qayta tiklanishiga erishmoqchi. Ammo buning uchun Kongressnnig har ikki palatasi roziligi — Vakillar palatasida ko‘pchilikning qo‘llovi va 100 senatordan kamida 60 nafarining ovozi kerak bo‘ladi. Donald Tramp esa bu masalani shtatlar buning o‘ziga havola qilish kerak, deb hisoblayapti va abortlarni federal darajada taqiqlashga doir qonun loyihasini imzolamaslikka va’da bergan.

Immigratsiya

Tramp qurilishi o‘zining prezidentligi davrida boshlangan Meksika bilan chegaradagi devorni oxiriga yetkazishni hamda armiya va mahalliy huquq-tartibot organlarini jalb qilgan holda noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish bo‘yicha AQSh tarixidagi eng keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, u AQSh vizasi talabgorlariga nisbatan “qat'iy g‘oyaviy tekshiruv” joriy etishni va uning o‘zi jinoyatchi va firibgar deb hisoblaydigan odamlarni fuqarolikdan mahrum etishni ham taklif qilgan.

Harris prezident Jo Baydenning muhojirlarga boshpana berishni cheklashga oid farmonini qo‘llab-quvvatlagan va har ikkala partiyaning qo‘lloviga qaramay, Trampga tarafdor muxolifatning sa’y-harakatlari sabab Senatdan o‘tolmagan immigratsiya islohotiga doir qonunni imzolashga va’da bergan. U AQShda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan va qonun bilan muammosi yo‘q noqonuniy muhojirlarga fuqarolik olish imkoniyatini taqdim etishni taklif qilmoqda.

Jinoyatchilikka qarshi kurash

Tramp politsiya faoliyatini isloh qilishga qaratilgan harakatga qarshi va politsiyachilarning qo‘lga olingan shaxslarning huquqlarini buzganligi ustidan fuqarolik shikoyatlariga qarshi immunitetini kuchaytirishni va’da qilmoqda. U politsiyaning “bir kun haqiqatan qattiqqo‘l harakat qilishi” jinoyatchilikni sezilarli kamaytirishga yordam berishi haqida gapirgan. Shuningdek, Tramp, agar prezident bo‘lsa, ommaviy tartibsizliklarni bostirish uchun armiyadan foydalanish huquqiga egaman, deb hisoblaydi. Harris avvalroq politsiyachilar sonining ko‘payishi jinoyatchilik muammosini hal qila olmasligi haqida gapirgan bo‘lsa-da, so‘nggi chiqishlarida politsiya faoliyati moliyalashtirilishining oshirilishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Bundan tashqari, u nasha (marixuana)ning dekriminalizatsiya qilinishi tarafdori.

O‘qotar quroldan foydalanish huquqi

Harris o‘zi ham qurolga egalik qilishini tan olgan bo‘lsa-da, qurol xaridorlarining ma’lumotlarini umumiy tekshiruvini, hujumkor soyli miltiqlar va sig‘imi katta o‘qdon (magazin)lar sotuviga taqiqni, shuningdek, red-flag laws deb ataluvchi, sud tomonidan o‘zi va atrofdagilar uchun xavf tug‘diradi deb topilganlardan o‘qotar qurollarni tortib olishga imkon beruvchi qonunlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Tramp bo‘lsa bu sohada har qanday yangi cheklovga qarshi va prezident etib saylansa, bu sohaga doir Bayden ma’muriyati davrida qabul qilingan barcha qaror (cheklov)larni bekor qilishni va’da bermoqda.

Iqlim o‘zgarishi

Donald Tramp iqlim o‘zgarishini “tarixdagi eng katta yolg‘on” deb hisoblaydi. U Bayden davrida “yashil energetika"ni rivojlantirish uchun qabul qilingan barcha subsidiya qarorlarini taqiqlashga hamda neft va gaz qazib olishga qo‘yilgan butun cheklovlarni bekor qilishni va’da qilyapti. Harris esa qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va issiqxona gazi ajratmalarining yanada kamaytirilishi tarafdoridir.

Xalqaro siyosat

Bayden kabi, Harris ham Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish tarafdori hamda Ukrainaning o‘z hududlaridan va NATOga a’zo bo‘lish fikridan qaytishi Rossiya bilan tinchlik shartnomasining shartlari bo‘lmasligi kerak, deb hisoblaydi. U Shimoliy Atlantika alyansi bo‘yicha va Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlaydi. G‘azodagi urush masalasida esa, Harrisning fikricha, Isroil o‘zini HAMASdan himoya qilishga haqli, AQSh esa Isroilga qurol yuborish bilan bir vaqtda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishda va Falastin davlati tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak.

Tramp esa, o‘z navbatida, AQShning NATO bo‘yicha ittifoqchilarini qoralaydi va ular mudofaa uchun juda kam xarajat qilyapti, deb hisoblaydi. U, agar prezident etib saylansa, Ukrainadagi urushga o‘zining inauguratsiyasiga qadar nuqta qo‘yishni va’da qilyapti va AQSh Kiyevni kelgusida ham harbiy jihatdan qo‘llab turishiga zarurat borligiga shubha bilan qaramoqda. Tramp Xitoy va Eronga qarshi kurash masalasida bundan-da qat’iyroq nuqtai nazarda va Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash kerak, deb hisoblaydi.

Kadrlar siyosati

Tramp professional davlat xizmatchilarini ishdan bo‘shatish jarayonini soddalashtirishni rejalashtiryapti, u shu tariqa bo‘shagan o‘rinlarni o‘z tarafdorlari bilan to‘ldirmoqchi. U ijro hokimiyati idoralari to‘liq prezidentga bo‘ysunishi, Adliya vazirligi va Federal tergov byurosi avtonomiyadan mahrum etilishi, uning o‘zi esa prezident sifatida prokurorlarni lavozimidan bo‘shata olish vakolatiga ega bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, Tramp 2021-yil 6-yanvardagi tartibsizliklar oxirida Kapitoliyga hujum qilganlarni ham afv etish niyatida.

Harris davlat xizmatchilari va huquq-tartibot organlari xodimlari roliga an’anaviy nuqtai nazar bilan qaraydi. U o‘z ma’muriyatiga Respublikachilar partiyasidan ham biror vakil tayinlashga, har ikkala partiya a’zolari ishtirokida maslahat organi tashkil etishga va’da bergan.

P. S. Xo‘sh, saylovda kim yutadi?

Bu noma’lum. Umummilliy so‘rovlarda Harris Trampni arzimas, 1 foizlik farq bilan ortda qoldiryapti. Saylov taqdirini hal qiladigan ikkilanuvchi yetti shtatdan to‘rttasida — Nevada, Viskonsin, Michigan va Pensilvaniyada Harris, qolganlarida — Jorjiya, Shimoliy Karolina va Arizonada esa Tramp peshqadamlik qilmoqda. Ammo bu shtatlarda ham aksariyat so‘rovlarda u yoki bu tomonning ustunligi statistik xatolik darajasida — 2 foiz atrofida, xolos.