2025-yil 1-fevraldan boshlab yangi loyihalashtiriladigan davlat organlari, savdo va biznes markazlari, ko‘ngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llaridagi avtoturargohlarning kamida 5 foizida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari o‘rnatilishi lozim.
Qayd etilishicha, ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 1-noyabrdagi “Respublikada 2024−2025-yillarda elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, ko‘p kvartirali uy-joylar hududida, shu jumladan, ko‘p kvartirali uy-joylar avtoturargohlarida eng yuqori quvvati 22 kVt bo‘lgan stansiyalarni o‘rnatish rejalashtirilmoqda.
Davlat tasarrufida bo‘lgan bo‘sh turgan, shuningdek, davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat ishtirokidagi korxonalar hududida stansiyalarni o‘rnatish joyini K-SAVDO AAT orqali elektron onlayn-auksionga chiqargan holda ijaraga berishga ruxsat berildi.
Hududlarda elektr ta’minotining texnik holati va mavjud quvvatlardan kelib chiqib, stansiyalar o‘rnatiladigan hududlar 120 oygacha foydalanish huquqi asosida auksion orqali sotilishi yoki ijaraga berilishi mumkin.
Ijaraga beriladigan joyda 6 oy mobaynida auksion g‘olibi tomonidan stansiyalar o‘rnatilmagan taqdirda, ijara shartnomasini belgilangan tartibda bekor qilish choralari ko‘riladi hamda ushbu yer uchastkasi, ko‘chmas mulk (ko‘chmas mulkning bir qismi) qaytadan auksionga chiqariladi.
Qarorda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlangan:
- avtoturargohlar, ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida;
- savdo va biznes markazlari, umumiy ovqatlanish korxonalari, mehmonxona va ko‘p kvartirali uy-joylar atrofida;
- avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida.
2024-yilda respublika bo‘yicha ko‘p qavatli uylar yonidagi avtoturargohlarga 7864 ta, 2025-yilda esa 15 729 ta elektromobillarni quvvatlantirish stansiyasi o‘rnatish reja qilingan.