Turkiya Qirg‘izistonning mamlakat oldidagi tashqi qarzidan kechdi, dedi prezident Sadir Japarov 5-noyabr kuni Bishkekda Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdog‘on bilan muzokaradan so‘ng.
“Hurmatli prezident Erdog‘anga Qirg‘iziston Respublikasining Turkiya Respublikasi oldidagi tashqi qarzini hisobdan chiqarish to‘g‘risida qabul qilingan qaror uchun alohida minnatdorlik bildirmoqchiman”, — dedi u.
Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati rahbari Dayirbek Orunbekovning aniqlik kiritishicha, qarz miqdori 58,8 million dollarni tashkil etgan va u “yashil iqtisodiyot” loyihalarini amalga oshirish evaziga hisobdan chiqarilgan.
Avvalroq Sadir Japarov xalqaro moliya tashkilotlari va davlatlarga davlat qarzini “yashil” tashabbuslarni amalga oshirish uchun ayirboshlash taklifi bilan bir necha bor murojaat qilgandi. 2023-yilda Dubayda bo‘lib o‘tgan COP28 sammitida u tashqi qarzni iqlim loyihalariga ayirboshlash mexanizmlarini yaratishni ham taklif qilgan.
Qirg‘iziston Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil iyun oyi oxirida Qirg‘izistonning davlat qarzi (tashqi va ichki) 6,3 mlrd dollarni tashkil etgan.
Erdog‘an 4-noyabr kuni davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonga keldi. U 6-noyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etadi. Yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qatnashadi.