Havo sifatining xavfli darajada buzilgani sababli dushanba kuni Pokistonning madaniy poytaxti Lahorda boshlang‘ich maktablar bir haftaga yopildi, deb yozmoqda AP.

Lahordagi chora-tadbirlar 14 million aholi yashaydigan shaharda bolalarni nafas olish a’zolari va boshqa kasalliklardan himoya qilish bo‘yicha katta sa’y-harakatlarning bir qismi sanaladi. Hukumat hududdagi har bir kishi yuz niqobi taqishi shartligini aytmoqda.

Xodimlarning 50 foizi shahardagi “yashil karantin” doirasida uydan ishlashi kerak. Shuningdek, filtrlardan foydalanmagan holda barbekyular tayyorlash taqiqlandi va motorli rikshalardan foydalanish cheklandi. To‘y o‘tkaziladigan zallar soat 22:00 da yopilishi lozim va sun’iy yomg‘ir ifloslanishga qarshi kurashish uchun ishlatilishi mumkin.

Lahordagi havo sifati indeksi dam olish kunlari 1000 dan oshdi, bu Pokistonda rekord darajadir. Hindistonga chegaradosh sharqiy Panjob provinsiyasi poytaxti Lahorda havo sifati yomonlasha boshlaganidan beri zaharli kulrang tutun o‘n minglab odamlarni, asosan bolalar va keksalarni xastalamoqda.

Hukumat, shuningdek, ayrim hududlarda qurilish ishlarini taqiqlab, tutun chiqaradigan transport vositalari egalarini jarimaga tortdi. Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha Panjob departamenti xabariga ko‘ra, havodagi PM2,5 yoki mayda zarrachalar konsentratsiyasi 450 ga yaqinlashgan.

Pokiston Hindiston shamollarini Lahorda havo sifatining yomonlashuvi va tutunning “xavfli darajaga” ko‘tarilishida aybladi, deb yozadi Times of India. “Hindistondan Lahorga tomon esayotgan shamol tumanni xavfli darajaga olib chiqadi va shamol kamida keyingi haftagacha o‘z yo‘nalishini saqlab qolishi mumkin. Odamlar uylaridan zaruratsiz chiqmaslik orqali o‘zlarini ehtiyot qilishlari kerak”, deyiladi unda.

Xabar e’lon qilingan vaqtda ham Lahor dunyoning havosi eng ifloslangan shahri bo‘lib turibdi.

лаҳор, покистон, havo ифлосланиши

2023-yil oxirida Pokiston hukumati Lahordagi havo ifloslanishiga qarshi kurashish uchun ilk bor sun’iy yomg‘ir yog‘dirgandi. Jarayon bir muddat havo sifatini yaxshilagan, ammo bu ko‘pga cho‘zilmagan. Faollar atrof-muhit ifloslanishini daraxtlar kesilishi, qurilishishlari va chiqindi gazlar bilan bog‘lagan.

Lahor bir vaqtlar — XVI-XIX asrlarda har yerida bog‘lari bor shahar sifatida tanilgan. Ammo jadal urbanizatsiya va aholi sonining o‘sish sur’ati yashillik uchun kam joy qoldirdi.