Shimoliy Koreya qo‘shinlari Yapon dengizi yo‘nalishida bir nechta qisqa masofali ballistik raketalarni uchirdi, deb xabar berdi 5-noyabr kuni Kyodo Yaponiya Mudofaa vazirligiga tayanib.

Ma’lumotlaria ko‘ra, KXDR tong soat 7:30 dan 7:39 gacha kamida yettita raketa uchirgan. Ular 100 kilometr balandlikka ko‘tarilgan, parvoz masofasi 400 kilometrni tashkil etgan, deya ma’lum qildi vazirlik. Raketalar Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasidan tashqariga — Koreya yarimorolining sharqiy qirg‘og‘i atrofidagi suvlarga tushdi. Janubiy Koreya harbiylari raketalar dengizga tushganini ma’lum qildi.

Yaponiya, AQSh, shuningdek, “Katta yettilik” mamlakatlari rasmiylari buni qoraladi. Yaponiya hukumati bu “harakatlar Yaponiya, mintaqa va xalqaro hamjamiyatning tinchligi va xavfsizligiga tahdid soladi”, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashining rezolyutsiyalarini buzadi, deb ta’kidladi. KXDR rasmiylari hali holatga izoh bermadi.

Janubiy Koreya rasmiylarining ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya tashqi e’tiborni o‘ziga qaratish maqsadida AQSh prezidentlik saylovlari oldidan qurol sinovlarini o‘tkazayotgan bo‘lishi mumkin, deya yozmoqda Yonhap.

Mutaxassislar xalqaro ballistik raketalarni uchirish bilan Shimoliy Koreya ikkita narsani maqsad qilganini aytyapti. Birinchisi — AQSh saylovlari oldidan yadroviy salohiyatni namoyish etish. Ikkinchisi — KXDRning Rossiyaga qo‘shin yuborgani faol muhokama qilinayotganda e’tiborni boshqa tarafga qaratish.

Shimoliy Koreya 31-oktabr kuni Hwasong-19 qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazgandi. Raketa 7000 kilometr balandlikka ko‘tarilgan va uning uchish masofasi 1000 kilometrni tashkil etgan. Raketa dengizga tushgan. KXDR, Janubiy Koreya va Yaponiya ma’lumotlariga ko‘ra, bu raketa Shimoliy Koreyaning oldingi har qanday raketasiga qaraganda balandroq uchgan.