Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 5−6-noyabr kunlari amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida bo‘ladi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu galgi sammit kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
“Har doimgidek, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik aloqalarini rag‘batlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish vazifalari e’tibor markazida bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Yetakchilar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadi.
Yig‘ilish yakunida qator qo‘shma qaror va hujjatlar, jumladan, O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Turkiy dunyo xartiyasi qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur hujjatni “sohaning yetuk olimlari va ekspertlar ishtirokida tayyorlash” taklifi 2023-yilning noyabr oyida berilgandi.