Shavkat Mirziyoyev 5-noyabr kuni ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbarining 23-sentabrdagi farmoni bilan qabul qilingan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash vazifalari ham belgilangan.

Hujjat shart-sharoitlarni imkon qadar oilaga yaqin muhitda yaratishga, har bir bolaga individual yondashishga qaratilgan. Shunga muvofiq, bunday bolalarni tarbiyaga berish va ularga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Jumladan, bolani tarbiyaga berishda oila muhitini saqlab qolishga ustuvorlik beriladi. Bunda avvalo vasiylik, homiylik yoki farzandlikka berish qo‘llab-quvvatlanadi. Ixtisoslashtirilgan muassasaga eng so‘nggi chora sifatida joylashtiriladi.

Bundan tashqari, farzandlarni oilaning kambag‘alligi tufayli Mehribonlik va Bolalar uylariga joylashtirish amaliyoti bekor qilinmoqda. Kambag‘al oila vakillari ishga joylashgan taqdirda, bolasi uch yoshga to‘lguncha bog‘cha xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya jamg‘armasidan kompensatsiya beriladi.

Bolalar uylarida “Onalar maskani” tashkil etilib, unda bolasidan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar joylashtiriladi. Ularga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, onalik ko‘nikmalari o‘rgatiladi hamda kasb egallashiga ko‘maklashiladi. Bu kabi xizmatlarni tashkil kilishda nodavlat tashkilotlari ham keng jalb qilinadi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan bolalar tarbiyaga berilguniga qadar “Inson” markazi tomonidan oilaviy bolalar uyiga joylashtiriladi. Tarbiyaga beriladigan bolalar uchun individual rivojlanish rejasi ishlab chiqiladi.

Yetim bolalarni aniqlash, ularni tarbiyaga olish istagini bildirgan shaxslar ma’lumoti “Ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritiladi. “Inson” markazlari bolalarning qonuniy vakili etib belgilanadi hamda huquq va manfaatlarini himoya qiladi.

Shuningdek, bu markazlar tarbiyaga berilgan bolalarning turmush sharoitini, yordamlarning maqsadli ishlatilishini va tarbiyaga olgan shaxslar majburiyatlarini monitoring qilib boradi.

Oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida belgilanadi. Tutingan oilalarda tarbiyalanayotgan bolalarga umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limni tugatgunicha yashash va parvarishlash xarajatlari to‘lanadi.

Avvalroq Qonunchilik palatasi rivojlangan davlatlar tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilgan, Senat esa ma’qullagan edi. Unda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy asoslar mustahkamlanib, tegishli davlat organlari hamda ularning vakolatlari aniq belgilangan. Prezident ushbu qonunni imzoladi, deyiladi xabarda.

Taqdimotda nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etishga qaratilgan takliflar ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonda 19 ta parasport turi bilan shug‘ullanishga sharoit yaratilgan. 25 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar sport bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Bu boradagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilmoqda. Xususan, davlat sport maktablarida adaptiv sport bo‘yicha guruhlar tashkil etish, mahallalardagi maydonchalarni nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham moslashtirish taklif etilmoqda.

“ERP-sport” elektron tizimida nogironligi bo‘lgan shaxslarning alohida hisobini yuritish orqali ularning imkoniyatiga mos sport turlari avtomatik aniqlanadi. Reabilitatsiya markazlarida jismoniy terapiya, mexanoterapiya, fizioterapiya kabi zamonaviy reabilitatsiya usullarini qo‘llash kengaytiriladi.

Shu bilan birga, adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini tayyorlashga ham e’tibor kuchaytiriladi. Bu yo‘nalishda xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lganlar hamda ularning murabbiylarini moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi.

Davlat rahbari bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga qulayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.