Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan “Malik” chegara o‘tkazish punktida ko‘p miqdordagi qimmatbaho zargarlik buyumlarini noqonuniy ravishda olib kirishga bo‘lgan urinish fosh qilindi.

Bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, o‘tkazish punkti orqali harakatlanayotgan fuqarolardan biri xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, ichki kiyimlari orasidan oyoqlarining yuqori qismiga 19 dona o‘ram yashirgani aniqlandi.

Mazkur o‘ramlar belgilangan tartibda ochib ko‘rilganida ularning ichida 9 turdagi 468 dona qimmatbaho metalldan yasalgan va brilliant toshlar bilan bezatilgan zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

Ushbu shaxs zargarlik buyumlarini yashirincha olib o‘tishda yonidagi 14 yoshli nevarasidan ham foydalanishga uringan. Voyaga yetmagan shaxs belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, uning ichki kiyimlari orasiga 12 dona o‘ram yashirilgani aniqlandi. Mazkur o‘ramlarda esa 8 turdagi 454 dona taqinchoqlar borligi ma’lum bo‘ldi.

Bojxona nazoratidan yashirilgan jami 922 dona tilladan yasalgan brilliant toshlar o‘rnatilgan zargarlik buyumlarining umumiy og‘irligi 6,7 kilogrammdan oshib, umumiy qiymati esa 5,6 milliard so‘mni tashkil qilgan.