AQShda bugun, 5-noyabr kuni prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylov sanasiga yaqinlashgan sari tebranuvchi shtatlarda o‘tkazilgan so‘rovlar natijalari shuni ko‘rsatdiki, Tramp va Harrisni saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlash darajasidagi farq borgan sari ahamiyatsiz bo‘lib bormoqda. Quyida BBS rus xizmati saylov to‘g‘risida tayyorlagan materialning tarjimasini taqdim etamiz.
Bu yil ba’zi shtatlarda — jumladan, bir nechta tebranuvchi shtatlarda ovoz berish natijalari 2020-yildan beri amalda bo‘lgan ovoz berish tartibidagi ba’zi o‘zgarishlar tufayli keyinroq tayyor bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, ba’zi shtatlarda — masalan, Michiganda — ovozlarni hisoblash, ehtimol, bu yil to‘rt yil oldingiga qaraganda tezroq o‘tadi. Kutilganidek, bu yil masofaviy ovoz berish (pochta orqali) COVID-19 pandemiyasi davrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga qaraganda kamroq bo‘ladi.
Bu shuni anglatadiki, voqealar rivojlanishining bir nechta ehtimoliy variantlari mavjud: g‘olib ovoz berish kunidan keyin tunda yoki 6-noyabr kuni ertalab yoki bir necha kun yoki hatto hafta o‘tgach e’lon qilinadi.
G‘olib nomi odatda qachon ma’lum bo‘ladi?
2020-yilgi saylovlar 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan, biroq g‘olibning nomini Amerika telekompaniyalari 7-noyabrga kelibgina e’lon qilgan.
O‘shanda ko‘pchilik shtatlar saylov uchastkalari yopilgandan keyin 24 soat ichida ovoz berish natijalari haqida xabar bergandi. Biroq bir nechta asosiy shtatlar, jumladan, Pensilvaniya va Nevada o‘z natijalarini keyinroq e’lon qilgan. Pensilvaniya o‘sha saylovlar oldidan o‘tkazilgan so‘rovlarda demokratlarni qo‘llab-quvvatlagandi. Ammo 7-noyabr kuni ertalab shtatdagi navbatdagi ovozlarni sanab chiqqach, Bayden Pensilvaniyada g‘alaba qozonayotgani ma’lum bo‘ldi.
Saylovning birinchi natijasini CNN telekanali e’lon qilgan, 15 daqiqadan so‘ng g‘olibning nomi boshqa telekanallarda ham aytila boshlagan. Umuman olganda, saylovchilar keyingi prezidentning ismini ovoz berish kuni kechasi yoki — eng kamida — ertasi kuni ertalab bilishga odatlangan.
2016-yilda amerikalik saylovchilar Shimoliy Amerika sharqiy vaqti bilan soat uchda (Nyu York) Donald Tramp keyingi to‘rt yilga prezident etib saylanganidan xabar topishdi. Barak Obamaning 2012-yilgi saylovlardagi g‘alabasi ovoz berish kuni kechqurun ma’lum bo‘ldi.
Biroq 2000-yilda prezidentlik kursisida respublikachi kichik Jorj Bush va demokrat Albert Gor kurashganida g‘olibning nomi (Jorj Bush) 12-dekabrdagina, ya’ni ovoz berishdan deyarli bir oyu bir hafta o‘tgach ma’lum bo‘ldi.
O‘shanda nomzodlar uchun berilgan ovozlar soni o‘rtasidagi farq juda kam edi. Haqiqatda saylov taqdirini Floridadagi ovoz berish natijalari hal qildi. Ovozlarni qayta sanash 12-dekabr kuni AQSh Oliy sudi ovozlarni qayta sanashni to‘xtatish va oxirgi hisobni uzil-kesil deb topishga qaror qilgunga qadar davom etdi.
Ovozlar qanday hisoblanadi?
Birinchi saylov uchastkalari seshanba kuni Shimoliy Amerika sharqiy vaqti bilan soat 18:00 da (Grinvich vaqti bilan soat 22:00 da), oxirgisi esa chorshanba kuni Nyu York vaqti bilan soat 01:00 da (Grinvich vaqti bilan soat 5:00 da) yopiladi.
Biroq saylov natijalari yettita “tebranayotgan” shtat — Arizona, Jorjiya, Michigan, Nevada, Shimoliy Karolina, Pensilvaniya va Viskonsindagi natijalarga bog‘liq bo‘lishi kutilmoqda.
Nevada shtatidagi saylov uchastkalari Nyu York bo‘yicha 22:00 da (Grinvich bo‘yicha 2:00 da) oxirgi bo‘lib (tebranayotgan shtatlarda) yopiladi.
Dastlab, qoida tariqasida, AQShda saylov uchastkalaridan ovozlarni sanab chiqish amalga oshiriladi. So‘ngra turli sabablarga ko‘ra muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozlari sanaladi. Shundan so‘ng xorijdagi saylov uchastkalaridan va AQSh harbiy bazalaridan kelgan byulletenlar skanerlanadi.
Ovozlarni sanab chiqish berilgan byulletenlar sonining ovoz bergan saylovchilar soniga muvofiqligini tekshirishni o‘z ichiga oladi, shuningdek, byulletenlarning yaroqliligi tekshiriladi. Qandaydir nomuvofiqliklar aniqlangan hollarda tekshiruv o‘tkaziladi.
Ovozlarni hisoblash quyidagicha amalga oshiriladi: byulletenlar ovozlar sonini hisoblaydigan maxsus skanerlardan o‘tkaziladi. Ba’zi hollarda ovozlarni qo‘lda sanab chiqish talab qilinishi mumkin.
Har bir shtatning o‘z qoidalari bor, ular ovozlarni sanashda kim ishtirok etishi mumkinligini, shuningdek, ovozlarni sanash tartibi, qaysi bosqichlarda va bu jarayonni saylovchilar, shu jumladan, kuzatuvchilar qanday kuzatib borishi mumkinligini belgilaydi.
Nima saylov natijalarini uzoq kutishga olib kelishi mumkin?
Ikki nomzod natijalari o‘rtasidagi juda kichik farq saylov natijasini kutishning cho‘zilishiga olib kelishi mumkin.
Pensilvaniyada, masalan, agar ikki nomzodning natijalari o‘rtasidagi farq 0,5% ni tashkil etsa, butun shtat bo‘yicha ovozlarni qayta hisoblash avtomatik ravishda boshlanadi. 2020-yilda bu shtatda Tramp va Bayden natijalari o‘rtasidagi farq atigi 1,1% ni tashkil etgan.
Saylov uchastkalarining ishi bilan bog‘liq har qanday qoidabuzarliklar, shuningdek, ovozlarni sanab chiqishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday to‘siqlar, shu jumladan, texnik muammolar uzoqroq kutishga olib kelishi mumkin. Masalan, Gruziyada 2020-yilda saylov uchastkalaridan birida byulletenlar joylashgan binoda vodoprovod trubasi yorilgan, bu shtatda ovozlarni hisoblash vaqtining bir necha soatga oshishiga olib kelgan.
Barcha byulletenlar sanab chiqilib, ovozlarni qayta ko‘rib chiqish yakunlangach, saylov natijalari avval shtatlar darajasida, keyin esa mamlakat darajasida tasdiqlanadi. Nomzodlardan biri ma’lum bir shtatda g‘alaba qozonganida, shtat ma’murlari bu nomzod saylovchilarining ovozlarini sertifikatlaydi va Kongressga yuboradi.
Umummilliy ovoz berishning 41-kuni, 17-dekabr kuni saylovchilarning ovoz berishi bo‘lib o‘tadi. Prezident saylovida g‘alaba qozonish uchun hay’atning yarmini va bir ovozni, ya’ni 270 ovozni to‘plash kerak.
Bunday saylov tizimi ayrim hollarda umummilliy ovoz berishda yutqazgan nomzod prezident bo‘lishiga sabab bo‘ladi. 6-yanvar kuni AQSh Kongressining yangi tarkibi amaldagi vitse-prezident raisligida saylovchilarning ovozlarini sanab chiqish uchun qo‘shma majlisga yig‘ilgan.
Aynan 2020-yilgi saylovlardan keyin saylovchilarning ovozlarini hisoblash kunida umummilliy saylovlarda mag‘lub bo‘lgan Donald Tramp tarafdorlari Kapitoliyni egallashga urindi. Ular prezidentlik saylovlari natijasini bekor qilishni talab etdi. Donald Trampning o‘zi vitse-prezident Mayk Pensni natijalarni tasdiqlashdan bosh tortishga chaqirdi, ammo u bunday qilmadi.
Bu safar Tramp saylovda yutqazsa, mag‘lubiyatini tan oladimi, degan savolga aniq javob bermadi. Yangi prezidentning inauguratsiyasi 2025-yil 20-yanvarda Kapitoliy hududida bo‘lib o‘tadi. 2024-yilgi saylovda g‘olib chiqqan nomzod AQShning 47-prezidenti bo‘ladi.