Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda energetika kompleksi rahbarlari bilan soha korxonalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini muhokama qildi. Bu haqda energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Mamatkarimov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning aytishicha, davlat rahbari avariya brigadalarini tashkil etish, transformator va podstansiyalarni rejali va kapital ta’mirlash bo‘yicha topshiriqlar bergan, shuningdek, gaz va elektr energiyasi ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha alohida ko‘rsatma bergan.

Energovazir birinchi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, barcha korxonalar mavsumga tayyorgarligi, yoqilg‘i-moylash materiallari, zahiralar, maxsus texnika va avariya brigadalari mavjudligi haqida xabar bergan.

“Bu yilgi kuz-qish mavsumi bo‘yicha elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkazib berishni avvalgi yillarga nisbatan yaxshilash bo‘yicha topshiriq berildi. Kuz-qish mavsumi bo‘yicha berilgan topshiriqlarning hammasining ijrosi ta’minlanadi”, — dedi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari.

“Milliy elektr tarmoqlari” boshqaruvi raisi Dadajon Isoqulovning aytishicha, tuzilmadagi 12,5 ming kilometr magistral elektr tarmoqlari va 90 ta yuqori voltli podstansiyalar kuz-qish mavsumiga tayyor.

Unga ko‘ra, davlat rahbari tizimdagi operatsion xarajatlar va yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha topshiriq bergan.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov avvalroq qish mavsumi uchun O‘zbekistonning yerosti gazni saqlash omborlariga 5,1 mlrd kub metrdan ortiq gaz zaxirasi jamlanganini aytgandi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,1 mlrd kub metrga ko‘p. Qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarish ham ortgan.

Energetika vazirligi rahbarining aytishicha, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida bazaviy va pessimistik ssenariylar ishlab chiqilgan. Favqulodda vaziyatlarda -20 darajadan past harorat bo‘lganda yirik iste’molchilar va yoqilg‘i quyish shoxobchalariga gaz yetkazib berish cheklanadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston gaz eksportini ko‘paytirmoqda, import ham o‘sib, qazib olish kamaymoqda. To‘qqiz oyda gaz importi 1,28 mlrd dollarga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,6 barobar ko‘p. “Ko‘k yoqilg‘i” eksporti 479,5 mln dollargacha (+16,5 foiz), sentabr uchun esa 2,2 barobar (bir yil avvalgidan) oshdi. Yanvar-sentabr oylarida gaz qazib olish hajmi 33,5 mlrd kub metrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,8 foizga yoki 1,68 mlrd kub metrga kam.