O‘zbekistonda maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqaradigan 8 ta zavod quriladi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi hamda Xitoy, BAA va Janubiy Koreyaning jami 6 ta yirik kompaniyasi o‘rtasida qo‘shma rivojlantirish shartnomalari imzolandi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga tashrifi davomida maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishgandi. Prezident bu loyihalarni namunaviy qilib, hududlarda ko‘paytirish muhimligini ta’kidlagandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonning 11 ta hududida XXRning “China CAMC Engineering”, “Shanghai SUS Environment”, “China Everbright Group”, “Chengdu Environmental Group” va BAAning “Tadweer Group” hamda Janubiy Koreya Respublikasining “Sejin” kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 1,28 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan loyihalar asosida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavodlar quriladi.

Natijada yiliga 4,7 million tonnadan ortiq chiqindini yoqish orqali 2,1 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, poligonlar soni besh barobarga qisqaradi. 97 mln AQSh dollari qiymatidagi elektr energiyasi sotiladi. Shuningdek, bular orqali 152 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda 2,4 million tonna issiqxona gazlari kamayadi. 1 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Loyihalar 2025−2027-yillarda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirilishi maqsad qilingan. Qurilish jarayonlari 2025-yil yanvardan boshlanib, zavodlar 2026-yil dekabrda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Bu kabi yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishi mamlakatimizda chiqindilarni boshqarish sohasida sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hisobiga ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, sanitar holatni yaxshilash, aholiga xavfli kasalliklar yuqishini kamaytirishga hissa qo‘shadi, deyiladi xabarda.