5-noyabr kuni Telegram`dagi “Ko dnu” kanalida Toshkentdagi 34-avtobus saloni oynasiga “ayollar — oldinda, erkaklar — orqada” deya yozilgan poster joylangani haqida xabar e’lon qildi. “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati holatga munosabat sifatida posterni haydovchi emas, 2 nafar yo‘lovchilardan biri yopishtirib ketgani aks etgan videoni tarmoqqa joyladi.
Tashkilot avtobus salonida joylashtirilgan kuzatuv kamerasidagi tasvirlar tekshirib chiqdi. Unda ikki nafar noma’lum fuqaro avtobusga chiqib, salonning ichki qismida ayollar va erkaklar joyi ajratilganligini targ‘ib qiluvchi posterni yopishtirgani, uni shaxsiy mobil telefoniga suratga olganligi va avtobusdan tushib ketgani ko‘rinadi.
Videodan ko‘rish mumkinki, o‘sha odamning qo‘lida yana bir necha qog‘ozlar mavjud. Tashkilotning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, boshqa avtobuslarda yopishtirilgan shu kabi poster topilmagan.
“Bolalarning qo‘lida yana qog‘oz bor, ko‘rsangiz. Boshqa avtobuslarga ham yopishtirilgan yoki yo‘qligini bilish uchun kechqurun hamma avtobus saroylariga kiruvchi avtobuslarni bittama-bitta tekshirib chiqdik. Yo‘q, aniqlanmadi yoki yopishtirishgan bo‘lsa ham yo‘nalish paytida olib tashlashgandir”, — deya javob berdi tashkilot matbuot xizmati.
“Toshshahartransxizmat” posterni yopishtirgan ikki fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritish va qilgan xatti-harakatlariga huquqiy baho berish hamda ularga qonuniy jazo choralarini qo‘llash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat yo‘lladi.
Tashkilot yuqoridagi kabi holatlarni oldini olish maqsadida, barcha avtobus haydovchilari va chiptachilari o‘rtasida navbatdan tashqari yo‘riqnomalar o‘tkazish, shuningdek, avtobus salonida turli xildagi axborot materiallari tarqatilishining oldini olish, jamoat transportida e’lon qilinishi belgilanmagan maxsus posterlardan foydalanmaslikni so‘radi.
Avvalroq Samarqandda avtobusga shunday poster osib qo‘ygan avtobus haydovchisi intizomiy jazoga tortilgandi.