Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni Donald Trampga Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti saylovida g‘alaba qozonib, ushbu lavozimga saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Prezident tabrik avvalida Trampning saylovlardagi ishonchli g‘alabasi “boy tajribali va mohir siyosatchining AQShni xalqaro maydondagi nufuzi va iqtisodiy qudratini oshirish, global taraqqiyot va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan dastur va rejalari Amerika xalqi tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanganini yana bir bor yaqqol tasdiqlaganini” aytdi.

“Biz AQShning mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘zgarmas pozitsiyasini, ortga qaytmas tus olgan tub islohotlarimizga ko‘rsatib kelayotgan doimiy ko‘magini alohida qadrlaymiz. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, aynan sizning ilk prezidentlik davringizda, 2018-yil may oyida Oq uyda o‘tkazgan sermahsul muzokaralarimizdan keyin O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davri boshlangan edi”, — dedi u.

“Sizning shaxsiy e’tiboringiz bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar misli ko‘rilmagan darajada rivojlanib, o‘zaro ishonch, hurmat va bir-birini qo‘llab-quvvatlashga asoslangan siyosiy muloqotlarimiz yanada mustahkamlandi, savdo-iqtisodiy, xavfsizlik, harbiy-texnikaviy va gumanitar aloqalar jadallashdi”, — deya qayd etdi Mirziyoyev.

Davlat rahbari yuqori darajadagi vakillar va qonun chiqaruvchilar o‘rtasidagi faol tashriflar almashuvlari natijasida hamkorlik sifat va mazmun jihatidan yuksak bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

“Biz bundan keyin ham sizning boshchiligingizdagi AQSh Administratsiyasi bilan do‘stona aloqalarni izchil davom ettirishga, oliy va yuqori darajada erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishdan manfaatdormiz. Shuningdek, „S5+1“ platformasi va „Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSh o‘rtasida savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli Bitimi“ doirasida mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdorimiz”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

“Aminmanki, birgalikdagi qat’iy sa’y-harakatlarimiz bilan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, xavfsizlik, bank-moliya, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish, innovatsiya, ta’lim va boshqa sohalardagi sherikligimiz qo‘shma loyihalar bilan samarali boyib boraveradi”, — dedi u.

Mirziyoyev, shuningdek, kelgusida Afg‘onistonda barqaror tinchlikni ta’minlash va uning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga hissa qo‘shish o‘zaro hamkorlikning ajralmas qismiga aylanishiga ishonch bildirdi.

“Uzoq muddatli va keng qamrovli munosabatlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida ciz, janobi oliylarining O‘zbekistonga rasmiy tashrifingizni kutib qolamiz”, — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

“Fursatdan foydalanib, sizni ushbu tarixiy g‘alabangiz bilan yana bir bor chin qalbdan qutlab, mustahkam salomatlik, baxt-saodat, boshlanayotgan mas’uliyatli faoliyatingizda yangi omadlar, do‘st Amerika xalqiga esa tinchlik-totuvlik va bardavom taraqqiyot tilab qolaman”, — deyiladi tabrik yakunida.