AQShda prezident saylovi yakuniga yetdi. Amerika nashrlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Donald Tramp prezidentlik kursisini egallash uchun yetarli miqdorda ovoz to‘plab bo‘ldi. “Gazeta.uz” saylov arafasi ushbu siyosiy jarayonning o‘ziga xosliklari va nomzodlar ilgari surayotgan g‘oyalarni “Kontekst” podkastida muhokama qilgandi.

AQShning Texas universiteti professori, iqtisodchi Botir Qobilov “Kontekst” podkasti uchun nomzodlarning iqtisodiy siyosat bo‘yicha reja-maqsadlari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgandi. Podkastda professorning mulohazalari qisman qisqartirilgan holda berilgandi. Saylov natijalari amalda ma’lum bo‘lib ulgurgach, Trampning ehtimoliy iqtisodiy siyosatiga doir Botir Qobilov izohlarini to‘liq berishga qaror qilindi.

Donald Tramp AQSh iqtisodiyotida nimalarni o‘zgartirmoqchi? Iqtisodchi Botir Qobilovning javobi

Trampning iqtisodiy dasturidagi birinchi band — bu import bojlarini oshirish. Tramp AQShga chetdan olib kelinadigan mahsulotlarning barchasiga 20 foizlik import boji o‘rnatmoqchi, Xitoydan keladigan tovarlarga esa 60 foiz import bojini qo‘ymoqchi. Bundan tashqari, o‘z ish o‘rinlarini AQShdan tashqariga, ya’ni, Meksika, Vetnam yoki Xitoyga ko‘chiradigan Amerika kompaniyalarini ularga ko‘proq soliq yuki berish orqali jazolamoqchi.

Trampning savdo siyosati proteksionistik qo‘llanmadan olingan. Tramp import bojlarini dunyoda eng yaxshi kashfiyot, deb hisoblaydi. Bu gapni u saylovoldi kampaniyasi chog‘ida ham aytgandi. O‘zining aytishicha, u import bojlarini oshirish orqali go‘yoki urushlarni to‘xtatgan, bir-biri bilan nizolashayotgan mamlakatlarni yarashishga chaqirgan. Xitoyni ham import bojlarini oshirish orqali tiyib turganman, deb ko‘p aytadi.

Foto: The New York TimesFoto: The New York Times

U xorij mamlakatlari — ayniqsa Xitoy — arzon tovarlar bilan AQSh bozorini to‘ldirib, egallab olyapti va amerikaliklarning zaifligidan foydalanib, ularning ustidan hukmronlik o‘rnatyapti, deydi. Shu bois Tramp barcha chet el tovarlariga import boji qo‘yilsa, xorijiy mamlakatlar bu bojlarni to‘lashga majbur bo‘ladi, deyapti. Ammo bu gap mantiqan xato.

Chunki AQShga olib kelinayotgan barcha mahsulotlar Amerikadagi importyorlar tomonidan iste’mol uchun olib kelinadi. Chegarada bojni to‘lashga majbur bo‘lgan importchi tadbirkor, tabiiyki, olib kelgan tovarini yakuniy iste’molchiga narxi oshgan holda yetkazadi. Ya’ni, chegaradagi [boj haqi] zanjirning oxirida turgan iste’molchi cho‘ntagidan qoplanadi. Donald Tramp bo‘lsa buni xorijiy mamlakatlar to‘laydi, deb hisoblayapti. Import bojlari oshirilishining badalini chet el hukumatlari yoki ishlab chiqaruvchilari emas, balki mahalliy importyorlar va iste’molchilar to‘laydi.

Shuning uchun AQShdagi ayrim ishlab chiqaruvchilar va importyorlar agar Donald Tramp prezident bo‘lib, o‘zi ilgari surayotgan savdo siyosatini ro‘yobga chiqara olsa, biz ishlab chiqarayotgan va sotayotgan tovarlarimiz narxini oshirishga tayyormiz, deb bayonot ham berib bo‘ldi. Shu tariqa ular bozorga signal beryapti. Ma’lumki, narxlarning oshishi bo‘yicha kutilma ham inflyatsiyaga olib keladi. Bunday proteksionistik iqtisodiy siyosat oqibatida narxlar yanada oshishini taxmin qilish mumkin.

Foto: The New York TimesFoto: The New York Times

Tramp ilgari surayotgan ikkinchi g‘oya — soliqlar bo‘yicha katta chegirmalar berish. Tramp ko‘pdan beri soliqlar yomon va ularning o‘rniga import tarif (boj)larini joriy etsak, budjetga tushum kamayishining o‘rnini qoplay olamiz, deb keladi.

Tramp anchadan beri ilgari suradigan yana bir g‘oya — Markaziy bank, ya’ni Federal zaxira tizimining faoliyati, monetar siyosat ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy hukmronlik o‘rnatishdir. U Markaziy bank ishiga aralashishni anchadan beri xohlaydi. [Federal zaxira tizimi boshqaruvchilar kengashi raisi] Jerom Pauellga: “Men Markaziy bank boshqaruv kengashi yig‘ilishlarida qatnashishim kerak, men tadbirkorman, men biznesni yaxshi tushunaman, iqtisodiyotdan xabarim bor, moliya bozori qanday ishlashini bilaman, shuning uchun men foiz stavkalarini belgilash jarayoniga ham qo‘shilishim kerak”, deb aytgan. Bu [Markaziy bank mustaqilligiga] juda katta tahdid hisoblanadi.

Markaziy bankning mustaqilligi AQShda ham, istalgan boshqa mamlakatda ham monetar siyosat uchun muhimdir. Markaziy bankning mustaqilligi — fundamental xususiyat. Bu xususiyatga putur yetkazish jiddiy oqibatlar keltirib chiqaradi. Masalan, Tramp Markaziy bank stavkasini tushirishni xohlaydi. Shunda fiskal siyosatni moliyalashtirish xarajatlari arzonroqqa tushadi va go‘yoki xususiy sektorga yengillik berilgandek bo‘ladi. Chunki Markaziy bankning foiz stavkasi tushsa, riski katta aktivlar, bitkoin yoki qimmatli qog‘ozlar bozoridagi riski ko‘proq bo‘lgan korxonalar aksiyalari oshishi kutiladi. Korporativ investitsiyalar oshadi. Iqtisodiyotdagi faollik oshiradi va, tabiiyki, ko‘proq inflyatsiyani olib keladi.

Trampning Markaziy bank foiz stavkasini tushirishni xohlashiga asosiy sabab — u shu tariqa xarajatlarni ko‘proq moliyalashtirmoqchi. Lekin Trampning siyosati yaqin va uzoq istiqbolda foiz stavkasining tushishiga emas, balki yanada oshishiga sabab bo‘ladi. Chunki Federal zaxira tizimi foiz stavkasini fiskal siyosat tufayli tushirishi natijasida hukumat yanada ko‘proq xarajat qilishga majbur bo‘ladi, iqtisodiyot esa yanada qiziy boshlaydi. Iqtisodiy faollik oshganida inflyatsiya kutilmalari ham oshadi. Kutilmalar oshganda esa Markaziy bankka monetar siyosat orqali foiz stavkasini oshirish, iqtisodiyotni biroz sokinlashtirish uchun yanada ko‘proq bosim qiladi.

Foto: The New York TimesFoto: The New York Times

Shuning uchun ham bu siklda Markaziy bank mustaqilligi o‘ta muhim. Bunga fiskal siyosatni yurituvchi ijro hokimiyatining aralashuvi monetar siyosat barqarorligi va, eng muhimi, Markaziy bank mustaqilligiga putur yetkazadi. Trampning mana shunday [ehtimoliy harakatlari] ko‘p ham yaxshi emas.

Trampning iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lmagan, lekin oxir-oqibat baribir iqtisodiyotga ta’sir qiladigan siyosiy tashabbuslaridan biri — noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish. Buning iqtisodiy ta’siri bo‘ladi, albatta. Chunki shartli noqonuniy migrantlarni ishlatayotgan tadbirkorlik subyektlari yoki norasmiy migrantlar ishlatayotgan kichik tadbirkorlik subyektlariga iqtisodiy zarar yetishi mumkin. Arzonroq ishchi kuchidan manfaat ko‘rayotgan tadbirkorlar ertaga ishchilaridan mahrum bo‘lib, ishchilarni mahalliy aholi orasidan qidirishga va ularga ko‘proq haq to‘lashga majbur bo‘lsa, ularning sof foydasi hajmi kamayadi. Biznes raqobatbardoshliligini yo‘qotishi oqibatida ular hatto o‘z faoliyatini ham to‘xtatishi mumkin.

AQSh prezidentligiga nomzodlar ilgari surayotgan iqtisodiy siyosatidan qay biri ko‘proq foyda va kamroq zarar keltiradi? Bu savolga iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohiblari yaqinda ochiq xat yozib, javob berdi. O‘sha xatda ular Kamala Harrisning iqtisodiy siyosati Trampnikidan yaxshiroq, degan xulosaga kelgan. Albatta, ular Kamala Harris iqtisodiy siyosatining barcha bandlarini qo‘llab-quvvatlaymiz, demagan. Trampning har bir tashabbusini qo‘llamasliklari haqida ham gap yo‘q. Umumiy olganda Harrisning siyosati Trampning rejasidan yaxshiroq, degan xulosa bergan.

Foto: ReutersFoto: Reuters

E’tiborga moliq jihat shundaki, kim prezident bo‘lishidan qat’iy nazar, AQShda federal hukumat xarajatlari va defitsit oshishi kutilyapti. Iqtisodchilar kutilmalariga ko‘ra, Trampning soliqlarni kamaytirishi AQSh federal hukumati qarzini 2035-yilga kelib taxminan 6 trln dollarga oshiradi. Kamala Harris siyosati bo‘yicha esa qarz hajmi 1,2−1,3 trln dollarga oshishi mumkin edi.