Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar hamdo‘stligi sammitidagi nutqida yana bir bor Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyatga to‘xtalib o‘tdi. Nutq matni Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Prezident tashkilot doirasida siyosiy va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, umumiy manfaatlardan kelib chiqib, xalqaro muammolar bo‘yicha yakdil va aniq pozitsiyamizni faol ilgari surish maqsadga muvofiq ekanini bildirdi.
“Bu o‘rinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo‘layotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish bo‘yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoralaymiz”, — deya qayd etdi O‘zbekiston rahbari.
“Mazkur ko‘p yillik nizoning yagona yechimi — xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967-yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir”, — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev keyingi hafta Ar-Riyod shahrida o‘tadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga aniq siyosiy yechim topilishiga umid qilishini ta’kidladi.