Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant ishdan bo‘shatildi. Shundan so‘ng bunga qarshi norozilik bildirish uchun Tel-Aviv va Quddusda yuzlab odamlar yig‘ila boshladi, deb xabar bermoqda Times of Israel.
Mahalliy telekanallarga ko‘ra, politsiya Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Quddusdagi qarorgohi va Tel-Avivdagi SAXAL shtab-kvartirasi yaqinida to‘siqlar o‘rnatgan. Tel-Avivda namoyishchilar Ayalon shossesiga chiqib, harakatni to‘sib qo‘ydi.
https://twitter.com/lirishavit/status/1853870813847695409?ref_src=twsrc%5Etfw%7Ctwcamp%5Etweetembed%7Ctwterm%5E1853870813847695409%7Ctwgr%5E%7Ctwcon%5Es1_c10&ref_url=
Tel-Avivda “minglab”, Hayfada “yuzlab” namoyishchilar yig‘ilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Netanyahu qarorgohi oldida mingga yaqin odam to‘plangan.
Quddusdagi namoyishchilar Netanyahuni iste’foga chiqishga chaqirmoqda, shuningdek, HAMAS tomonidan ushlab turilgan isroilliklar ozod qilinishini so‘ramoqda. Politsiya bosh vazir qarorgohiga vodometlar o‘rnatdi, lekin hozircha ularni qo‘llamadi.
Netanyahu 5-noyabr kuni kechqurun Galantning iste’fosini e’lon qildi. Bosh vazirning ta’kidlashicha, urush davrida “bosh vazir va mudofaa vaziri o‘rtasida to‘liq ishonch bo‘lishi kerak”, ammo u va Galant o‘rtasida bunday ishonch yo‘q.
“Isroil bosh vaziri sifatida mening oliy vazifam — mamlakat xavfsizligini ta’minlash va bizni hal qiluvchi g‘alabaga olib kelish. Urush davrida bosh vazir va mudofaa vaziri o‘rtasida to‘liq ishonch har qachongidan ham zarur. Kampaniyaning dastlabki oylarida bizda shunday ishonch bor edi va biz ko‘p narsaga erishdik, afsuski, so‘nggi oylarda men va mudofaa vaziri o‘rtasidagi bu ishonchga putur yetdi”, — deyiladi Netanyahu bayonotida.
Tashqi ishlar vaziri Isroil Kats yangi mudofaa vaziri etib tayinlandi. Gideon Saar esa yangi tashqi ishlar vaziri bo‘ldi.