2024-yil o‘zbekistonlik tennischilar uchun omadli yil bo‘ldi, deyish mumkin. Nufuzli musobaqalarda qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar va erishilgan g‘alabalar shular jumlasidandir. Binobarin, sport dunyo hamjamiyatida O‘zbekiston obro‘sining yanada yuksakka ko‘tarilishi kafolati demak.
O‘zbekiston tennis federatsiyasi va “O‘zmilliybank” AJ ko‘magida O‘zbekistonning istiqbolli yosh tennischilari uchun Serbiyada o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etildi. E’tiborli jihati, mazkur mashg‘ulotlar Elite xalqaro tennis akademiyasida o‘tkazilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, tennischilarning tajribali mutaxassislar rahnamoligida ko‘nikma hamda mahoratlarini oshirishga samarali xizmat qiladi.
Elite xalqaro tennis akademiyasida amaliyot o‘tash O‘zbekiston terma jamoasining bo‘lajak a’zolari — yosh avlod tennischilarining keyingi Osiyo va Olimpiya o‘yinlari hamda boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etish uchun o‘yin mahorati darajasini oshirishga yordam beradi.
O‘TF huzuridagi Tennis kengashi tomonidan o‘tkazilgan saralash natijalariga ko‘ra, ayni paytda federatsiya bosh kotibi Iroda To‘laganova boshchiligidagi 6 nafar o‘g‘il va 4 nafar qiz boladan iborat jamoa Serbiyaga jo‘nab ketdi.
Elite tennis akademiyasida o‘quv-mashq jarayoni ikki bosqichda o‘tkazilishi rejalashtirilgan:
- 2024-yil noyabr-dekabr oylarida;
- 2025-yil yanvar-fevral oylarida.
“O‘zmilliybank” AJ ushbu muhim loyihani qo‘llab-quvvatlaydi hamda tennischilarga ishonch bildiradi. Akademiyadagi o‘quv mashg‘ulotlaridan olingan tajriba sportchilarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi va yuqori natijalarni qo‘lga kiritishning kafolatiga aylanadi.
Reklama huquqlari asosida.