“Dok-1 Maks” ishida aybdor deb topilgan sobiq amaldor Sardor Kariyevning oilasi yashab turgan uy ham MIB tomonidan xatlangandi. Kariyevning xotini holat yuzasidan sudga ariza kiritgan.

“Daryo.uz"ning yozishicha, mazkur ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 5-noyabr kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudida ko‘rib chiqildi. Sud Sardor Kariyevning ayoli yozgan shikoyatni rad etib, sobiq amaldorning oilasi yashayotgan uyni ham xatlashni qo‘llab-quvvatladi.

Majburiy ijro byurosi xodimining sudda ma’lum qilishicha, byuro “Dok-1 Maks"dan jabrlanganlarga sud tomonidan belgilangan salkam 76 milliard so‘mlik tovon pullarini undirish harakatini davom ettirmoqda.

Joriy yilning 26-fevral kuni sud Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sudlangan sobiq direktori Sardor Kariyevni 18 yilga, uning o‘rinbosarlarini 16 yilga, Hindiston fuqarosi bo‘lgan Quramax dori-darmon import kompaniyasining sobiq direktorini 20 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi.

Sud sudlanuvchilardan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” preparatlaridan zaharlanib, halok bo‘lgan 68 nafar va jabrlangan 16 nafar bolaning oilalariga 75,6 milliard so‘m ma’naviy zarar undirishni belgilagandi. Bundan tashqari, sud Quramax tomonidan mansabdor shaxslarga berilgan pora miqdorini davlat foydasiga undirishga qaror qilgan.

Toshkentda o‘tgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida 21-oktabrdagi tadbirda sog‘liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov “Dok-1 Maks” ishi sabab nogiron bo‘lib qolgan bolalarga “kafolatlangan tibbiy yordam” ko‘rsatilayotganini aytgan. U jurnalistlarda bolasini davolashda yordam ololmayotgan ota-onalarning e’tirozlariga doir ma’lumotlarni shaxsan taqdim etishni so‘ragan.

Keyinroq “Dok-1 Maks” sabab nogiron bo‘lgan bolaning otasi SSV rahbari jamoatchilikka yolg‘on ma’lumot berganini aytdi. Farzandi 2022-yil dekabr oyida “Dok-1 Maks"dan zaharlangan va 65 kun komada yotgan 5 yoshli Alibek O‘ktamovning otasi Feruz Nuritdinovning aytishicha, vazir jamoatchilikka yolg‘on ma’lumot bergan.

Uning ta’kidlashicha, vazirning bu gapidan so‘ng ko‘pchilik ota-onalar vazir bilan ko‘rishish niyatida yuribdi. Jabrlanuvchining qo‘shimcha qilishicha, u farzandini davolatish uchun ayni kunga qadar sotilgan uyi va yaqinlaridan olingan qarzlari evaziga to‘plangan katta miqdordagi mablag‘ini sarflab bo‘lgan.