Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida nutq so‘zladi. Unda tashkilotga a’zo mamalakatlarning o‘zaro savdo, transport va madaniy aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha qator takliflarini bildirdi.

So‘z boshida prezident sammit mezboni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovga minnatdorlik izhor etdi.

“Qirg‘iz tomonining tashkilotimizda iqtisodiy integratsiya, umumiy taraqqiyot, raqamli kelajak va xavfsizlik yo‘nalishlarida sheriklikni asosiy maqsad etib belgilagan raisligi davri muvaffaqiyatli o‘tishiga tilakdoshman”, — dedi prezident.

Mirziyoyev Ostona va Shusha shaharlaridagi uchrashuvlardan keyingi vaqt mobaynida global geosiyosiy jarayonlar tobora murakkab tus olganini ta’kidladi. “Yetakchi davlatlar o‘rtasidagi raqobat va ishonchsizlik muhiti keskin kuchaymoqda, ziddiyat va urush o‘choqlari ko‘payib, turli xavf-xatarlar yanada ortmoqda”, — dedi u.

“Albatta, bularning salbiy ta’siri va oqibatlarini davlatlarimiz har tomonlama sezib turibdi. Bu muammolar savdo, investitsiya, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi qo‘shma reja va katta loyihalarimizga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda, desam, bu — ayni haqiqatdir”, — dedi prezident.

Prezident tashkilot doirasida siyosiy va xavfsizlik masalalarida muloqotlarni tizimli davom ettirish, umumiy manfaatlardan kelib chiqib, xalqaro muammolar bo‘yicha yakdil va aniq pozitsiyamizni faol ilgari surish maqsadga muvofiq ekanini bildirdi.

“Bu o‘rinda gap, eng avvalo, Yaqin Sharqda davom etayotgan adolatsiz urush va kuzatilayotgan ikki yoqlama standartlar haqida bormoqda. G‘azo sektori va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani, tinch aholiga qarshi vayronkor hujumlarni, ayniqsa, begunoh bolalar, keksalar va ayollar qurbon bo‘layotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastin qochoqlariga yordam berish bo‘yicha maxsus agentligi faoliyatini cheklashga qaratilgan harakatlarni ham keskin qoralaymiz”, — deya qayd etdi O‘zbekiston rahbari.

“Mazkur ko‘p yillik nizoning yagona yechimi — xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967-yildagi chegaralar asosida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzishdir”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev keyingi hafta Ar-Riyod shahrida o‘tadigan arab-musulmon davlatlari sammitida bu muammoga aniq siyosiy yechim topilishiga umid qilishini ta’kidladi.

“Xavfsizlik haqida to‘xtalganda, Afg‘oniston masalasi Tashkilotimiz doirasida doimo diqqatimiz markazida bo‘lishi lozim. Bu borada vazirlar va ekspertlar darajasidagi muntazam muloqot mexanizmini yo‘lga qo‘yish muhimdir. Afg‘onistondagi o‘tkir muammolarni hal etishda amaldagi hukumatga yordam ko‘rsatish, bu davlatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga keng jalb etish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish masalalari albatta ko‘rib chiqilishi lozim, deb hisoblaymiz”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev tashkilotning tarixiy hujjati — Turkiy dunyo xartiyasining qabul qilinishi qardosh davlatlar va xalqlar o‘rtasida kuchayib borayotgan ko‘pqirrali hamkorlikning yorqin ifodasi deb atadi.

Prezident tashkilot doirasidagi hamkorlikning qator ustuvor yo‘nalishlarini ham ko‘rsatib o‘tdi.

  • Tashkilotning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va mustahkamlash. O‘zbekiston Turkiy davlatlarning strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilishni taklif qildi.
  • Tashkilot doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish. “Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda davlatlarimizning tashqi tovar aylanmasida o‘zaro savdomiz ulushi ancha past darajada qolmoqda. Importimizning salmoqli qismi uchinchi davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu borada vaziyatni keskin o‘zgartirish vaqti keldi”, — dedi prezident. U tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq bitim va kelishuvlar ishlab chiqish lozimligini qayd etdi.
  • Investitsiya jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash. “Biz tashkilotimiz doirasida moliyaviy instrumentlarni joriy etishga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak. Turkiy investitsiya jamg‘armasi ishini faollashtirish, bizning tashabbusimiz bo‘lgan Turkiy rivojlanish bankini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqishimiz zarur, deb hisoblaymiz”, — dedi u.
  • Transport koridorlaridan samarali foydalanish. “Tashkilotimiz doirasidagi tashuvlarda elektron hujjatlar aylanmasiga o‘tish va ularni o‘zaro tan olish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolashga chaqiramiz. Bunday dolzarb masalalarni biznes vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilish maqsadida Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansi bilan hamkorlikda Xalqaro logistika konferensiyasini o‘tkazishni taklif etamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
  • Raqamli turkiy dunyo konsepsiyasini ishlab chiqish. “Mazkur konsepsiya mamlakatlarimizda to‘plangan ilg‘or tajriba va IT sohasidagi yutuqlarni o‘zaro almashish, innovatsiya, infratuzilma va ilm-fan bo‘yicha raqamli tizimlarni, yirik data-markazlarini yaratishga xizmat qiladi”, — dedi u.

Shuningdek, O‘zbekiston rahbari vazirlar darajasidagi Turkiy ekologik kengashni tezroq tuzish zarurligini ta’kidlab, uning birinchi uchrashuvini kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari, u O‘zbekistonni Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasiga to‘laqonli a’zo bo‘lishga tayyorligini bildirdi.