6-noyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidan o‘tgan “Taxtaqoracha” dovonida avtomobilni tosh bosib qoldi. Bu haqda viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Soat 15:45 larda Qaynar qishlog‘ining M-39 Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lida ichida 3 nafar fuqaro bo‘lgan Cobalt avtomashinasini tog‘ tepaligidan sirpanib tushgan tosh bosib qolgan. Oqibatda ularning barchasi voqea joyida vafot etgan.

Shu munosabat bilan “Taxtaqoracha” dovonida harakat vaqtincha cheklandi.

Hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, prokuratura xodimlari yetib kelgan.

Dovonning qayta ochilishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi, deyiladi xabarda.