Yangilandi: Donald Tramp saylovda g‘alaba qozondi. NYT, Bloomberg va CNN hisob-kitoblariga ko‘ra, Tramp 276 dan 277 gacha, Kamala Harris esa 223 dan 224 gacha ovoz to‘pladi.
AQSh prezidentligiga respublikachilardan nomzod Floridada yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirib, o‘z nutqini boshladi. U o‘zi va uning tarafdorlari “tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritganini” aytdi va har kuni “saylovchilar uchun kurashishga” va’da berdi.
U o‘z nutqida ovozlarni sanash hali tugamagan bo‘lsa-da, o‘zini AQShning 47-prezidenti deb atadi. “Bu Amerika xalqining hayratlanarli g‘alabasi bo‘lib, bizga Amerikani yana buyuk qilish imkonini beradi”, — dedi Tramp.
“Amerika bizga misli ko‘rilmagan va kuchli mandat berdi”, — dedi Tramp. Uning ta’kidlashicha, respublikachilar AQSh Kongressi senatida ko‘pchilikni qo‘lga kiritgan.
Tramp bilan birga respublikachilardan vitse-prezidentlikka nomzod Jey Di Vens ham maydonga chiqdi. Shuningdek, u yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirib, g‘alaba qozonganini ma’lum qildi. “O‘ylaymanki, biz AQSh tarixidagi eng buyuk siyosiy kambekning guvohi bo‘ldik”, — dedi Vens.
Donald Tramp AQSh prezidenti saylovida yetakchilik qilmoqda. Respublikachilarni qo‘llab-quvvatlovchi Fox News telekanali Trampga 277 saylovchining ovozini, Associated Press va The New York Times — 267, CNN va NBC News — 266 ovoz berdi. Demokratlar nomzodi Kamala Harris, Fox News prognoziga ko‘ra, saylovchilarning 226 ovozini oldi. Harrisga AP — 224, NYT — 214, CNN — 188, NBC News — 194 ovoz berdi.