Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yevropa ilgari misli ko‘rilmagan darajada bir-biriga yaqinlashganini ta’kidladi. U bu haqda “O‘zbekistonda Yevropa iqtisodiyoti kunlari” biznes-forumining ochilish marosimidagi videomurojaatida gapirdi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.
“Asrlar davomida O‘zbekiston global savdoning „urib turgan yuragi“ bo‘lib kelgan. Yevropalik savdogarlar kiyim-kechak va kulolchilik buyumlarini xarid qilish uchun Samarqand, Buxoro va Xivaga kelishgan. Ular sizning hashamatli saroylaringiz, maftunkor manzaralaringiz va g‘oyat rang-barang madaniyatingiz haqidagi hikoyalar bilan qaytishgan”, — deya ta’kidladi Ursula fon der Lyayen so‘zi boshida.
U bugun O‘zbekiston yana dunyoga ochilayotganini, Yevropa esa bu jarayonda mamlakatning hamkori bo‘lishni istashini qayd etib o‘tdi.
“Siz nafaqat Osiyoda, balki global savdo yo‘nalishlari va investitsiya oqimlarida ham o‘z markaziy o‘rningizni qaytarmoqchisiz. Yevropa esa O‘zbekistonning ming yillik tarixidagi ushbu yangi bobda sizning hamkoringiz bo‘lishni istaydi”, dedi Yevrokomissiya prezidenti.
U o‘z nutqida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yevropa bir-biriga yaqinlashganini ko‘rsatuvchi uchta misolni sanab o‘tdi.
“Birinchisi savdoga taalluqli. 2021-yildan boshlab biz o‘zbek mahsulotlari uchun Yevropa bozorini ochdik. O‘zbekiston eksporti, xususan, to‘qimachilik va metallurgiya sohasida jadal sur’atlar bilan o‘sdi. Yanada o‘sish uchun ulkan salohiyat mavjud”, — dedi Ursula fon der Lyayen.
Uning qayd etishicha, ikkinchi misol investitsiyalar sohasi hisoblanadi.
“„Global darvoza“ dasturimiz orqali biz sizning dunyo bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lish maqsadingizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Xalqaro sheriklarimiz bilan birgalikda Yevropadan Sharqiy Osiyoga eng qisqa va xavfsiz yo‘nalish bo‘lgan Transkaspiy yo‘lagiga 10 mlrd yevrogacha investitsiya kiritayapmiz. U Yevropa va Markaziy Osiyoni 15 kundan kamroq vaqt ichida bog‘lashga imkon beradi. Shuningdek, mamlakatingizning eng chekka hududlariga eng zamonaviy raqamli aloqani yetkazib berish uchun O‘zbekistonni sun’iy yo‘ldosh tarmog‘imizga ulash ustida ishlamoqdamiz. O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim”, — dedi siyosatchi.
Yevrokomissiya prezidenti uchinchi misol sifatida strategik sohalardagi hamkorlik kengayotganini keltirdi.
“2024-yilning aprel oyida muhim minerallarni yetkazib berish zanjiri to‘g‘risida bitim imzoladik. Ba’zi investorlar faqat xomashyo qazib olishdan manfaatdor ekanini bilamiz, lekin biz unday emasmiz. Biz eng yuqori standartlar asosida mahalliy aholi uchun ish o‘rinlari va qo‘shilgan qiymatga ega mahalliy ishlab chiqarishlarni yaratishni qo‘llab-quvvatlamoqchimiz. Chunki bu yanada barqaror ta’minot zanjirini yaratishning eng yaxshi usuli hisoblanadi”, — dedi u.
Nutqi yakunida Ursula fon der Lyayen bu iqtisodiy forum kompaniyalar o‘rtasida yangi aloqalarni o‘rnatishga xizmat qiladi, shuningdek, yangi kelishuvlarni yangi ishbilarmonlik imkoniyatlariga aylantiradi, deb umid qilishini ta’kidladi.
“Bularning barchasi faqat boshlanishi. Tez orada O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasida investitsiya va savdoni yanada ko‘paytiradigan yangi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolaymiz. Men kelgusi yili Samarqand shahrida tarixda ilk bor o‘tkaziladigan „Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi“ sammitini sabrsizlik bilan kutmoqdaman. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan shu paytda bir narsaga aminman: sherikligimizning eng yaxshi kunlari hali oldinda! Xullas, barchangizga Toshkent shahriga tashrif xayrli bo‘lishini tilayman. Yashasin Yevropa!”, — dedi u.