O‘zbekistonda sement ishlab chiqaruvchilari 2024-yildan boshlab berilgan soliq imtiyozlari tufayli 250 milliard so‘mni o‘z ixtiyorida saqlab qoladi. Bu 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan budjetnoma loyihasidan kelib chiqadi.
Sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktoshdan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 1-yanvardan rejadagi 2 baravar o‘rniga qariyb 4 baravar kamaytirilgandi.
Qaror iqtisodiy rag‘bat sifatida tushuntirilgan, ammo bu foydaning atrof-muhit va inson salomatligiga ta’siri keng muhokama qilinmagandi. Budjetnoma loyihasida ushbu imtiyoz elektr energiyasi tariflari oshishi fonida sement ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilgani qayd etilgan.
Hujjatda xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga цементдан tashqari noruda qurilish materiallari uchun belgilangan qat’iy stavkani 1,3 baravargacha oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llash vakolatini berish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, qazilma boyliklarida soliq ulushi uning xarid bahosiga nisbatan juda pastligini inobatga olib ayrimlariga yer qa’ridan foydalanganlik uchun alohida soliq stavkalarini (Soliq kodeksining 452-moddasi) belgilash rejalashtirilmoqda:
- marmar uchun — har kubometr uchun kamida 20 ming so‘m;
- granit — 30 ming so‘m;
- tabiiy bezaktosh — 30 ming so‘m;
- qum-shag‘al aralashmasi, shu jumladan, qurilish qumi va qumtoshlari — 5 000 so‘m.
Shu bilan birga, ular 5% advalor soliq stavkasini ham saqlab qoladi.
Kon-kimyo xomashyosi va boshqa noruda qurilish materiallari uchun qazib olingan hajmga belgilangan qat’iy miqdorlar 10 foizga indeksatsiyalanadi.
O‘zbekistonda 37 ta sement zavodi mavjud bo‘lib, ularning quvvati yillik sementga bo‘lgan talabdan ikki baravar ko‘p, biroq rasmiylar qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va atrof-muhitga zararni kamaytiradigan texnologiyalarni joriy etish o‘rniga yana 22 ta zavod qurishni taklif qildi, degandi Shavkat Mirziyoyev yil boshida.
Shu bilan birga, ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda sement zavodlari qurilishiga taqiq qo‘yish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, qurilgan 47 ta zavoddan 23 tasi faoliyatini to‘xtatgan. O‘rganishlarga ko‘ra, 25 ta sement ishlab chiqaruvchi korxonaning 90 foizi ekologik talablarni buzayotgani ma’lum bo‘lgan. Hozirgacha hech qanday taqiq e’lon qilinmadi.
O‘tgan yilning oktabr oyida Ekologiya vazirligi O‘zbekiston atmosferasini ifloslantiruvchi asosiy tarmoqlar issiqlik elektr stansiyalari va sement ishlab chiqaruvchi korxonalar ekanini ta’kidlagan edi.