Shavkat Mirziyoyev tomonidan 5-noyabrda imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Aholining ma’rifatga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganligi uni huquqiy tartibga solish zarurligini keltirib chiqarayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha (14-modda) kiritilmoqda. Unga ko‘ra, quyidagi shaxslar ma’rifiy faoliyatni amalga oshira olmaydi:
- jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan shaxslar (sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga yoki reabilitatsiya qiluvchi asoslar bo‘yicha jinoiy javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar);
- quyidagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati olib tashlanmagan yoki tugallanmagan shaxslar:
- jinsiy erkinlik, oila, yoshlar va axloqqa qarshi, tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi, O‘zbekiston Respublikasiga qarshi;
- boshqaruv tartibiga qarshi;
- giyohvand vositalar, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarning qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq;
- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
- ruhiy yoki narkologik muassasalarda hisobda turgan shaxslar.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ma’rifatchilikni ko‘rsatish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Xususan, bunday faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish yoxud jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishga doir qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida xuddi shunday huquqbuzarlik sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3,4 million so‘mdan 5,1 million so‘mgacha), mansabdor shaxslar esa BHMning 15 baravaridan 20 baravargacha (5,1 mln so‘mdan 6,8 mln so‘mgacha) jarimaga tortiladi. Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2025-yil 6-fevraldan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 23-iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisida “Ta’lim faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandi. “Milliy tiklanish” partiyasi tomonidan ishlab chiqilgan tashabbus ma’ruza o‘qib, oson pul topish yo‘llarini o‘rgatishga va’da bergan shaxslarga qarshi kurashishga qaratilgan.
O‘zLiDeP deputati Shahnoza Xolmahamatova so‘nggi yillarda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida “nosog‘lom ma’rifiy ishlar” ko‘payganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tadbirlarda ko‘pxotinlilik, jinsiy kamsitish, feminizm, axloqiy buzuqlik, huquqbuzarliklar targ‘ib qilinib, tinglovchilar ongini manipulyatsiya qilish holatlari ko‘paymoqda.
Oliy Majlis Senati 20-sentabrdagi yig‘ilishida ma’rifiy faoliyatni tartibga solish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagan. Ma’rifiy faoliyatning respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.