Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonni barcha mavjud vositalar orqali qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. GSP+ savdo imtiyozlari dasturi doirasidagi yordam, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yoki imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochadigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida ishlash shular jumlasidan. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar ma’lum qildi.

“Sherikligimiz yo‘li aniq. Biz O‘zbekiston bosib o‘tayotgan islohotlarning kundalik yo‘lini qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi u 6-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Yevropa iqtisodiyoti kunlari doirasidagi nutqida.

Missiya rahbari 2023-yilda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistonga eksporti 4,35 milliard yevroga yetganini, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondan importi esa 780 million yevroni tashkil etganini eslatdi. Umumiy tovar aylanmasi 2022-yilga nisbatan 11 foizga o‘sdi.

“Bu raqamlar ortida hali ochilmagan katta salohiyat yashiringan. Shunga qaramay, bu ma’lumotlar O‘zbekistonga sarmoya kiritish bo‘yicha dadil qarorlar qabul qilgan Yevropa kompaniyalarining misollari va tarixini ko‘rsatadi. Islohotlar yo‘lining davom ettirilishi teng sharoitlar yaratib, tobora ko‘proq Yevropa kompaniyalarining e’tiborini O‘zbekistonga jalb qiladi, deb o‘ylaymiz”, — dedi Toyvo Klaar.

“Joriy yilning yanvar oyida biz Bryusselda sarmoyadorlar uchun Transkaspiy transport yo‘lagini zamonaviy, ko‘p tarmoqli va samarali marshrutga aylantirish uchun zarur investitsiyalarni muhokama qilish maqsadida Yevropa va Markaziy Osiyodan hukumatlar, moliya institutlari, biznes va fuqarolik jamiyatini birlashtirgan anjuman o‘tkazdik”, — deb eslatdi elchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Transkaspiy yo‘lagi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdoni mustahkamlab, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni kengaytiradi.

“Gazeta.uz” muxbiri keyinroq elchi bilan suhbatda prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirishda biznes uchun qulayroq tariflar kerakligini ta’kidlaganini eslatdi.

“Albatta, bu biz ishlashda davom etayotgan masaladir. Yaqinda Ashxobodda vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston transport vaziri ham ishtirok etib, tranzitni iloji boricha yengillashtirish va marshrutni Markaziy Osiyodan Yevropaga tovarlarni yetkazib berish uchun jozibador yo‘lga aylantirish masalalari muhokama qilindi. Bu tariflar, bojxona tartib-qoidalari yoki transport cheklovlaridan qat’i nazar, “tor yo‘laklar"ni bartaraf etishni anglatadi. Yevropa Ittifoqi, shubhasiz, hamkorlar bilan, ayniqsa, ushbu holatda O‘zbekiston bilan jarayonni iloji boricha sodda va qulay qilish uchun ishlamoqda”, — dedi Yevropa Ittifoqi elchisi.

Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirish chora-tadbirlari kelgusi yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo birinchi sammitida belgilab olinishi rejalashtirilgan.

“Bryusseldagi mas’ul shaxslar bilan suhbatlardan bilishimcha, [sammitni o‘tkazish] sanasini yilning birinchi yarmida belgilash bo‘yicha ishlar davom etmoqda”, — dedi Yevropa Ittifoqi missiyasi rahbari “Gazeta.uz” muxbiriga.

Bundan tashqari, Toyvo Klaar Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashning ehtimoliy muddatlariga izoh berdi.

“Biz hujjatning imzolanishi yaqin kelajakda bo‘lib o‘tishiga umid qilamiz. Hujjatning to‘liq tugallanishi va uni imzolashga tayyorgarlik ko‘rish nuqtayi nazaridan qayta ishlanishi kerak bo‘lgan ba’zi tafsilotlar ham bor. Ammo ishlar davom etmoqda va u yakunlangach, prezident Shavkat Mirziyoyev uni imzolash uchun Bryusselga tashrif buyurishiga umid qilamiz”, — dedi Yevropa Ittifoqi elchisi.

“Biz juda noaniq dunyoda, xalqaro me’yorlar buzilayotgan, suverenitet shubha ostiga olinayotgan dunyoda yashayapmiz. Bunday sharoitda Markaziy Osiyo kabi mintaqalar va O‘zbekiston kabi kuchli davlatlarning biz bilan, Yevropa Ittifoqi bilan xalqaro tartibni mustahkamlashda, mamlakatlarning suvereniteti va mustaqilligini hurmat qilishda yaqindan hamkorlik qilishi yanada ahamiyatlidir. Biz Markaziy Osiyodan Yevropa Ittifoqining g‘arbiy qirg‘oqlarigacha bo‘lgan, barchamiz uchun umumiy hudud hisoblangan ushbu mintaqada barqarorlik uchun muhim hamkorlikni davom ettirishimiz kerak”, — dedi YI elchisi tadbirda so‘zlagan nutqi yakunida.