Germaniya kansleri Olaf Shols moliya vaziri Kristian Lindnerni iste’foga chiqardi. Bu haqda Spiegel xabar berdi.

Lindner Sholsning Sotsial-demokratik partiyasi (SDP) va “Yashillar” bilan birgalikda hukmron koalitsiyaga kirgan Erkin demokratik partiyani (EDP) boshqaradi. Uning iste’fosi iqtisodiy islohotlar va budjet loyihasi bo‘yicha koalitsiyadagi kelishmovchiliklar fonida sodir bo‘ldi.

Shuningdek, vitse-kansler Robert Xabek hukmron koalitsiya parchalanib ketganini e’lon qildi (“svetofor koalitsiyasi” deb ataluvchi birlashmaga SDP, EDP va “Yashillar” kiradi). Shols, o‘z navbatida, yanvar oyining birinchi haftasida Bundestagdagi hukumatga ishonch votumi uchun ovoz berishni so‘rashi va agar u muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, 2025-yil mart oyida muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini aytdi.

“Men federal prezidentdan federal moliya vazirini ishdan bo‘shatishni so‘radim. Mamlakatimizga zarar yetkazilishining oldini olish uchun bu qadamni qo‘yishim kerakligini his etdim. Bizga mamlakatimiz uchun zarur qarorlarni qabul qilish qudratiga ega bo‘lgan samarali hukumat kerak”, — dedi Shols.

Kansler Lindnerni “ko‘pincha uning ishonchini oqlamagan” va “murosalarni rad etgan”likda aybladi.

Spiegel`ning yozishicha, kelishmovchiliklar tufayli hukmron koalitsiya 2025-yil uchun mamlakat budjeti bo‘yicha murosaga kela olmagan. Moliya vazirining Shols va vitse-kansler Robert Xabek nomiga iqtisodiyotni qayta boshlash bo‘yicha takliflari bilan yozilgan maktubi e’lon qilinganidan keyin vaziyat yanada keskinlashdi. U, xususan, kompaniyalar uchun soliqlarni kamaytirish va ijtimoiy nafaqalarni qisqartirishga chaqirgan.

SDP va “Yashillar” Moliya vazirligi rahbarining tashabbuslarini rad etgan. Lindnerning atrofidagilar uning iqtisodiy konsepsiyasi hech qachon “bo‘linish to‘g‘risidagi guvohnoma” sifatida o‘ylab topilmaganini ta’kidlasa ham, bu koalitsiyaning parchalaniga olib keldi.

Chorshanba kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan koalitsiya qo‘mitasi yig‘ilishida Lindner koalitsiya hamkorlariga mamlakatda muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazishga rozi bo‘lishni taklif qildi. Agar shunday bo‘lsa, u 2024-yil uchun qo‘shimcha budjet qabul qilishga va saylovlarga qadar o‘tish hukumati tarkibida qolishga roziligini bildirdi. Bunga javoban kansler vazirning ishdan bo‘shatilganini e’lon qildi.

Bild`ning xabar berishicha, Lindner Sholsni koalitsiyani qasddan parchalashda aybladi. “Shu tariqa u Germaniyani noaniqlik bosqichiga olib bormoqda”, — dedi vazir. Vitse-kansler koalitsiya tarqalib ketganini e’lon qilarkan, “Bugun alohida kun”, — dedi. Biroq Xabek buni noto‘g‘ri deb hisoblaydi, chunki Yevropa AQShdagi saylovlar va Donald Trampning g‘alabasi fonida birdamlikni namoyish etishi kerak edi.