Yevropaning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Copernicus xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil bo‘lishiga “deyarli shubha yo‘q” va o‘tgan yilgi rekordni ortda qoldiradi.
Meteorologlar, shuningdek, 2024-yil global o‘rtacha harorat 1850−1900-yillardagi sanoatgacha bo‘lgan ko‘rsatkichlardan 1,5 daraja Selsiy yuqori bo‘lgan birinchi kalendar yili bo‘lishini bashorat qilmoqda. 2023-yilda harorat sanoatgacha bo‘lgan o‘rtacha darajadan 1,48 darajaga yuqori bo‘lgan.
Global haroratning o‘zgarishi odatda 1850−1900-yillardagi tarixiy sanoatgacha bo‘lgan davrdagi o‘rtacha haroratga nisbatan o‘lchanadi, bu boshlang‘ich nuqta sifatida qabul qilinadi. Ushbu sanoq nuqtasi quruqlik va okean sirtining haroratini yuqori sifatda kuzatish mumkin bo‘lgan eng erta davrdir.
2015-yilgi Parij kelishuvi doirasida mamlakatlar global isishni 1,5 daraja Selsiy darajasigacha cheklashga kelishib olgan — bu harorat chegarasi bo‘lib, olimlarning so‘zlariga ko‘ra, undan oshib ketganida, sayyora ortga qaytmas zarar ko‘radi.
“Har bir gradus ulushi ahamiyatga ega. Global miqyosda [issiqxona gazlari] chiqindilarini qanchalik tez kamaytirsak, iqlimimiz shunchalik tez barqarorlashadi”, — dedi Copernicus direktori o‘rinbosari Samanta Berjess. Uning qo‘shimcha qilishicha, iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga keladigan ekstremal ob-havo hodisalari yanada vayronkor va tez-tez sodir bo‘laveradi.
Yillik o‘rtacha global haroratning 1,5 darajaga oshishi Parij kelishuvi maqsadiga erishilmaganini anglatmaydi, deb tushuntiradi New York Times. Shartnoma shartlariga ko‘ra, bu sodir bo‘lishi uchun 20 yil davomida harorat 1,5 daraja yoki undan yuqori bo‘lishi kerak.