Pokistonning ikkinchi yirik shahri — Lahorda havoning kuchli ifloslanishi saqlanib qolayotgani sababli 900 dan ortiq kishi nafas olish muammolari bilan shifoxonaga yotqizildi, deb yozmoqda New York Times. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, bu faqatgina 5-noyabrda qayd etilgan bemorlar soni sanaladi. O‘tgan haftada nafas yo‘llari kasalliklari bilan og‘rigan o‘n minglab bemorlar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan, deya aniqlik kiritdi AP. Odamlar yo‘tal va ko‘zlarning achishishidan shikoyat qilmoqda.
O‘tgan yakshanba kuni shaharda havo sifati indeksi 1000 AQI`dan oshdi. Lahorni o‘z ichiga olgan Panjob viloyati hukumati boshlang‘ich maktablarni bir haftaga yopdi va aholini uyda qolishga chaqirdi. Davlat xizmatchilarining yarmi masofadan ishlashga o‘tkazildi, shaharning ayrim hududlarida qurilish ishlari to‘xtatildi.
Bir kun avval hukumat qo‘shimcha choralarni e’lon qildi. Aholiga yanvar oyi oxirigacha jamoat joylarida niqob taqish tavsiya etildi. 12-sinfgacha bo‘lgan barcha sinflar onlayn ta’limga o‘tkazildi, shaharga tutash 18 ta tumandagi maktablar yopildi.
“Bu juda kritik vaziyat”, — dedi chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Panjob katta vaziri Marrium Avrangzeb. Uning so‘zlariga ko‘ra, havoning yomon sifati yana 10 kun saqlanib qolishi kutilmoqda.
Avrangzeb aholini ixtiyoriy ravishda himoya niqoblarini taqishga va zaruratsiz sayohatlardan qochishga chaqirdi va “aks holda, hukumat to‘liq izolyatsiya kiritishga majbur bo‘ladi”, deb ta’kidladi.
- Ilgari “Bog‘lar shahri” nomi bilan tanilgan Lahor hozirda Pokiston va dunyoning eng ifloslangan shaharlaridan biri hisoblanadi. Mahalliy ekologik guruhlarning ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘nyilliklarda Lahor yashillikning 75 foizini yo‘qotdi. Faollar shahardagi havo sifatining yomonligida daraxtlar va yashil o‘simliklarni kesish bilan bir qatorda, avtomobillardan chiqayotgan gazlar, qurilish maydonlaridagi chang, zavodlarning zaharli chiqindilari va mavsumiy hosil qoldiqlarini yoqib yuborishni ham ko‘rsatmoqda. 2023-yil dekabr oyida hukumat vaziyatni yaxshilash maqsadida birinchi marta Lahor shahri ustiga sun’iy yomg‘ir yog‘dirgandi.