Raqobat qo‘mitasi 6-noyabrdan boshlab Respublika tovar xom-ashyo birjasida propan narxining yuqori chegarasini belgiladi. Bu haqda bozorning bir qancha ishtirokchilari “Spot"ga xabar berdi.
Qo‘mitaning 5-noyabrdagi topshirig‘iga ko‘ra, chorshanba kunidan boshlab suyultirilgan gaz narxining oshishiga sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20 foiz miqdorida cheklov (spred) joriy etilgan.
So‘nggi ikki savdo kunida propan narxi 15 foizdan ko‘proqqa qimmatlashdi va seshanba kuni bir tonnasi uchun 10,1 million so‘mdan oshdi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, kechagi birjadagi savdolarda propan narxi bir tonnasi 10 million so‘mdan arzonroq bo‘lgan Ai-80 avtomobil benzinini ortda qoldirdi.
Narxlarning oshishiga taklifning kamayishi sabab bo‘lishi mumkin. Agar 1-noyabrda birjaga qo‘yilgan propan hajmi 2 ming tonnadan ortiqni tashkil etgan bo‘lsa, 5-noyabrda u 30 foizga — 1,4 ming tonnagacha kamaygan.
“Spot” manbalariga ko‘ra, 6-noyabr kuni propanning birja narxi keskin pasaygan, chunki suyultirilgan gazning boshlang‘ich narxi bozor narxidan ancha past bo‘lgan. Shunday qilib, narxlarning yuqori darajasi birja kotirovkalarini sun’iy ravishda ushlab turadi, bu esa raqobatni cheklaydi, chunki barcha ishtirokchilar ruxsat etilgan maksimal narxni taklif qilishlari mumkin.
Raqobat qo‘mitasi vakili “Gazeta.uz” bilan suhbatda propan narxiga cheklov o‘rnatilganini tasdiqladi. Ma’lum qilinishicha, ushbu cheklov muddatsiz hisoblanib, narxlar dinamikasiga qarab, narx oshishiga taqiqni olib tashlash choralari ko‘rib chiqiladi.
Qo‘mita axborot xizmati ham 6-noyabr kuni idora rahbariyati boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning faoliyati o‘rganilgani haqida xabar bergan. Unda suyultirilgan gaz mahsulotining birja savdolariga qo‘yilishi hamda realizatsiyasi shuningdek, xaridorlarga yetkazib berish holatlari muhokama qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil apreldan sentabrga qadar propanning birja narxlari ikki barobar oshgan. Aprel oyidan buyon uning birjadagi qiymati ikki baravar — 4,59 million so‘mdan 9,28 million so‘mgacha ortdi.
Respublika tovar-xom ashyo birjasi (UzEx) gazetasining yozishicha, yanvar oyida propanning o‘rtacha narxi bir tonnasi uchun 7,07 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, aprelda savdoga qo‘yilish hajmining o‘sishi fonida bir tonna uchun 4,6 million so‘mgacha pasaydi.
Narxlar dinamikasining ushbu mahsulotning savdoga qo‘yilish va sotish hajmi dinamikasi bilan bevosita bog‘liqligi ko‘rindi, ya’ni sotish uchun chiqarilgan hajm pasayganda, kotirovkalar o‘sdi. 11-sentabr yakunida birjadagi narx bir tonna uchun 9,28 million so‘mga, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida esa litri uchun 7 ming so‘mgacha ko‘tarildi.
Oktabr oyida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov suyultirilgan gaz narxining keskin oshishini ishlab chiqarishning yetarli darajada oshmagani hamda propanda harakatlanuvchi avtomobillar sonining ko‘payishi bilan izohlagandi.
Uning aytishicha, narxlardagi bu tafovut ortidan korrupsiyaviy holatlar kelib chiqmoqda. Energetika vazirligining prokuratura bilan ko‘rgan choralari natijasida 14 ming 500 tonna propan gaz noqonuniy savdosi bo‘yicha shunday holatlar fosh etilgan va bunga chek qo‘yilgan.