Shavkat Mirziyoyev 7-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har bir kub metr suvga respublika bo‘yicha o‘rtacha 212 so‘m xarajat qilinayotganini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda 2024-yilda mamlakatdagi suv omborlarida 2023-yilga nisbatan ko‘p suv yig‘ilgani ta’kidlandi. Prezident bu holatda xotirjamlikka berilmaslik lozimligini qayd etdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda 550 kilometr kanal va ariqlar betonlangani hisobiga 200 ming gektarda hududda suv ta’minoti yaxshilangan va yiliga 450 mln kub metr suv iqtisod bo‘lmoqda. Suv boshqaruvi isloh qilinib, tuman darajasida suvni hisobga olish tizimi shakllangan va bu shaffof tizim tufayli 2024-yilda yerga 2 karra ko‘p suv borgan, yana 6 mlrd kub metr suvning hisob-kitoblari ishlab chiqilgan.
Prezident klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har bir kub metr suvga respublika bo‘yicha o‘rtacha 212 so‘m xarajat qilinayotganini, lekin Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida bu ko‘rsatkich 2−3 barobar yuqori ekanini ta’kidladi.
Oxirgi yillarda mamlakatda 1 mlrd dollar hisobiga Qarshi, Amu-Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stansiyalar modernizatsiya qilingan. Lekin, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryoda o‘rta va mayda eskirgan nasoslar yangilanmagani uchun suv tannarxi oshib ketayotgani ta’kidlandi. Betonlash hisobiga yo‘qotish 10−15 foizga kamaygan bo‘lsa-da, 20 ta tumanda yo‘qotishlar respublikada eng yuqori bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil noyabrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidlagandi. O‘shanda suv yo‘qotishlari oqibatida iqtisodiyot yiliga 5 mlrd dollar daromadni boy berayotgani sabab suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” e’lon qilingandi.
2023-yilgi yig‘ilishda, shuningdek, 2024-yilda 1 ming 500 kilometr, ya’ni 2023-yilgiga nisbatan 4 barobar ko‘p yirik kanallarni betonlash vazifasi belgilangandi. 2025-yildan boshlab esa kamida 2 ming kilometrdan kanallarni betonlashga o‘tilishi aytilgan.