Prezidentning JST bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov 6-noyabr kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonidagi qiyinchiliklar haqida gapirdi. U bu haqda Yevropa iqtisodiyoti kunlari doirasida o‘z fikrlarini bildirdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
Ushbu xalqaro maydonga qo‘shilish jarayoni “o‘z-o‘zidan katta chaqiriq hisoblanadi, chunki ba’zida JSTning eski a’zolari bu jarayon qanchalik murakkab ekanini yoddan chiqarib qo‘yishadi”, — dedi u.
“Shuning uchun, rostini aytganda, muzokaralar nuqtai nazaridan, tashkilotga yaqinda qo‘shilgan davlatlar bilan muzokaralar olib borish biroz osonroq, chunki ular bu jarayon qanchalik og‘ir ekanini hali unutishmagan. Ba’zan bizda shunday tuyg‘u paydo bo‘ladiki, hattoki ikki tomonlama muzokaralarimizda ham ba’zi rivojlangan davlatlar rivojlanayotgan yoki nisbatan kam rivojlangan davlatlarga ham bir xil talab qo‘yayotgandek tuyuladi. Jahon savdo tashkiloti kelishuvlari bandlari nuqtai nazaridan rivojlangan davlatlar rivojlanayotgan va kam rivojlangan mamlakatlarga ularning iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashda yordam berishi kerak”, — dedi Azizbek O‘runov.
Prezidentning maxsus vakili bu holatni “bir oz adolatsiz” deb hisoblaydi, “chunki rivojlanayotgan mamlakatlarga rivojlangan davlatlar kabi munosabatda bo‘lish kerak emas”.
“Ba’zan ikki tomonlama muzokaralar juda qiyin bo‘ladi, chunki JST kelishuvlarida GATT`ning (Tariflar va savdo bo‘yicha Bosh kelishuv) 18-moddasi kabi bandlar bor. Unda rivojlanayotgan mamlakatlar o‘z iqtisodiy rivojlanishini, sanoat rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligi qayd etilgan. Ammo ba’zi davlatlar nomzod mamlakatlardan bozorga kirish va erkinlashtirish masalalarida go‘yo bu rivojlanayotgan mamlakatlar rivojlangan davlatlar bilan bir xil darajadadek talab qo‘yishda davom etmoqda”, — dedi u.
Azizbek Urunov bugungi kunda JSTdagi asosiy muammolardan biri notarif choralar hisoblanishini qo‘shimcha qildi.
“JST tashkil etilganda, uning a’zolari tomonidan o‘rnatilgan asosiy tamoyillardan biri savdoni notarif choralar emas, balki tarif choralari orqali tartibga solish edi. Ammo so‘nggi 30 yildagi vaziyatning rivojlanishiga nazar tashlasangiz, aksariyat davlatlar haqiqatan ham tarif choralarini liberallashtirganini, ammo hozir notarif choralar mamlakatlar o‘rtasidagi savdoni qiyinlashtirayotganini ko‘rish mumkin. Bu JST to‘qnash kelayotgan asosiy chaqiriqlardan biridir. Ba’zi davlatlar tarif choralari doirasida ularda erkin savdo yoki bozorga kirish imkoniyati mavjudligini da’vo qilmoqda, ammo notarif choralarni ko‘rib chiqsangiz, ularning aksariyati mamlakatlar savdosini kengaytirishga to‘sqinlik qiluvchi cheklovchi choralar hisoblanadi”, — dedi prezidentning maxsus vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, notarif choralar mamlakatlar uchun eng katta muammolardan biriga aylanib bormoqda.
“Ba’zida ko‘plab xorijliklar O‘zbekistonga kelib, meva-sabzavotlarimizdan bahramand bo‘layotganiga guvoh bo‘lamiz, lekin bu mahsulotlarni eksport qilish haqida gap ketishi bilan darrov notarif to‘siqlar paydo bo‘ladi va bizga u yoki bu talabni bajarishimiz kerakligini aytishadi. Bu avvalgidek mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini yaxshilashga to‘sqinlik qilmoqda. Shuning uchun JST doirasida bunday vaziyatlarni tahlil qilayotganda biz 1995-yilda — JST tashkil etilganda belgilangan asosiy tamoyillarga amal qilish uchun pozitsiyalarni qanday tenglashtirish mumkinligi haqida o‘ylashimiz kerak”, — dedi u.
Panel sessiyadan so‘ng Azizbek Urunov jurnalistlarning notarif cheklovlarga oid savollariga javob berdi.
“Biz JSTga a’zo emasmiz. Bu mening so‘zlarim emas, bu yerda gap JSTning 30 yillik tarixidagi o‘zgarishlar haqida ketdi. Tashkilot tashkil etilganda asosiy tamoyillardan biri savdoni tarif choralari bilan tartibga solish edi. Darhaqiqat, tarif choralari ancha erkinlashtirildi. Shu bilan birga, ko‘pgina mamlakatlar notarif choralar bo‘yicha o‘z talablarini joriy qila boshlaganligi sababli bu ko‘p hollarda erkin savdo tamoyiliga to‘sqinlik qiladi. Men shu haqda gapirdim. O‘zbekiston ham o‘zining notarif choralari bo‘yicha faol islohotlar o‘tkazmoqda”, — deya aniqlik kiritdi u.
Uning fikricha, Jahon savdo tashkilotini isloh qilishga talab bor. “Butun dunyoda tendensiyalar o‘zgarmoqda. Butun dunyoda elektron tijorat faol rivojlanmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, davr o‘zgargan sari jahon savdo tizimida ham shunga mos islohotlar bo‘lishi kerak”, — dedi u.
Azizbek O‘runov JSTga kirishda har bir davlat o‘z iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda korxonalarini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishini, ammo bu vaqtinchalik bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
“Qoida tariqasida, bu imkoniyat vaqtinchalik bo‘ladi — 1, 2, 3, 4 yil. Shu nuqtai nazardan, biz savdo choralari to‘g‘risida uchta qonun loyihasini ishlab chiqdik, ularni hukumatga kiritish bosqichidamiz. Bular dempingga qarshi choralar, himoya choralari va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi qonun loyihalari. O‘zbekistonga mahsulot eksport qilishda subsidiyalar qo‘llanilsa, biz subsidiyalarga qarshi savdo choralarini ko‘rishimiz mumkin”, — dedi u.
Azizbek Urunov O‘zbekiston yaqinda AQSh bilan ikki tomonlama muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlaganini eslatib o‘tdi.
“Umid qilamanki, bu qolgan davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni tezlashtirishga turtki beradi. Bizda kam sonli davlatlar qoldi. Muzokaralar olib borishimiz kerak bo‘lgan aksariyat davlatlar bilan jarayonni allaqachon yakunladik. 21 mamlakat bilan muzokaralar allaqachon tugagan. Yana bir necha davlatlar bilan muzokaralarni yakunlashimiz kerak va 2026-yilda JSTga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Buyuk Britaniya, Shveysariya va boshqa davlatlar bilan muzokaralarni yakunlashi lozim.