AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden Donald Tramp g‘alaba qozongan prezidentlik saylovidan so‘ng xalqqa murojaat bilan chiqdi.

U Trampni g‘alaba bilan tabriklash uchun unga qo‘ng‘iroq qilganini va respublikachini hokimiyatning “tinch va tartibli” o‘tishiga ishontirganini aytdi.

“Bilaman, ba’zilar uchun bu g‘alaba vaqti. Boshqalar uchun bu — mag‘lubiyat. Kampaniyalar — raqobatlashuvchilar musobaqasi. Mamlakat u yoki buni tanlaydi. Biz mamlakat tanlagan yo‘lni tanlaymiz. Ko‘p marta aytdimki, faqat g‘alaba qilganingdagina o‘z mamlakatini sevishing mumkin emas. Qo‘shningni faqat u bilan kelishganingda sevish to‘g‘ri emas”, — dedi Bayden.

U AQSh xalqining Amerika saylov tizimining yaxlitligi masalasiga yakun yasashiga umid bildirdi. “U halol, adolatli va shaffofdir. Biz yutamizmi yoki yutqazamizmi, unga ishonish mumkin”, — deya ta’kidladi Bayden.

Oq uy rahbari saylovoldi poygasidan chiqqanidan keyin uning o‘rnini egallagan vitse-prezident Kamala Harris bilan suhbatlashganini aytdi. “U ilhomlantiruvchi kampaniya o‘tkazdi va hamma men boshidanoq hurmat qilgan narsani ko‘rdi: uning xarakteri”, — dedi Bayden.

Amaldagi prezident o‘z jamoasi a’zolari va Demokratik partiyadagi safdoshlariga ham murojaat qildi. “Bilaman, bu qiyin davr. Sizga og‘ir. Men sizni eshityapman va ko‘rib turibman. Ammo biz erishgan barcha yutuqlarni unutmang. Bu tarixiy prezidentlik edi, lekin men prezident bo‘lganim uchun emas, biz qilganimiz, siz qilganingiz uchun”, — dedi AQSh prezidenti.

Kamala Harris ham 7-noyabr kuni mag‘lubiyatini rasman tan olib, tarafdorlari oldida chiqish qildi. U jamoasiga, turmush o‘rtog‘iga, shuningdek, prezident Jo Baydenga qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi va “o‘tkazgan poygasidan juda faxrlanishini” aytdi.

“Amerika demokratiyasining asosiy tamoyili — agar biz saylovda yutqazsak, natijalarni tan olamiz. Bu tamoyil demokratiyani monarxiya yoki tiraniyadan ajratib turadi. Odamlardan ishonch xohlagan har kishi buni hurmat qilishi kerak”, — dedi u.

“Bilaman, ko‘pchilikka qora kunlar yaqinlashayotgandek tuyilyapti, lekin bizning umumiy farovonligimiz uchun, umid qilamanki, bunday bo‘lmaydi”, — deb ta’kidladi Harris.

“Bu saylovdagi mag‘lubiyatni tan olsam-da, kampaniya kurashidagi — erkinlik, imkoniyatlar, adolat va barcha odamlarning qadr-qimmati uchun kurashdagi mag‘lubiyatni tan olmayman. Millatimiz asosini tashkil etuvchi, Amerikani eng yaxshi tarzda aks ettiradigan ideallar uchun kurash. Bu men hech qachon voz kechmaydigan kurash”, — deya ta’kidladi Harris.

“Hozir qo‘l qovushtirishning vaqti emas. Hozir yeng shimarish vaqti. Hozir erkinlik, adolat va biz birgalikda qurishimiz mumkin bo‘lgan kelajak uchun uyushish, safarbarlik qilish va ishtirok etish vaqti”, — dedi u so‘zining yakunida.

  • 5-noyabr kuni AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Ularning g‘olibi Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp bo‘ldi. U 120 yildan ortiq vaqt davomida bu lavozimni ketma-ket ikki muddat egallagan birinchi prezidentdir.