Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining “Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar va manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestrining namunaviy shakllarini tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i qabul qilindi.
Hujjat bilan:
- manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma;
- ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar;
- manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestrining shakllari tasdiqlanmoqda.
Xabarnomada xodim o‘zining pasport ma’lumotlarini, JSHSHIR, yaqin qarindoshlarini F.I.Sh. va boshqa ma’lumotlarini, aloqador yuridik shaxs va manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi ma’lumotlarni aks ettirishi lozim.
Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar va manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestrining namunaviy shakllarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
- davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi — davlat organlarida va mahalliy davlat hokimiyati organlarida, davlat muassasalarida, davlat unitar korxonalarida, davlat maqsadli jamg‘armalarida, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida yoxud saylab qo‘yiladigan yoki tayinlanadigan lavozimlarda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan boshqaruv xodimi;
- xodimga aloqador shaxslar — xodimning yaqin qarindoshlari hamda xodim va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa yoxud unda boshqaruv organining rahbari yoki a’zosi bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxs;
- manfaatlar to‘qnashuvi — shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat;
- yaqin qarindoshlar — ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari.
Deklaratsiyada, ko‘rsatilgan ma’lumotlardan tashqari ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi haqida ma’lumot bo‘lishi kerak. Manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestrida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha choralar belgilanishi lozim.
Qonun normalari quyidagilar uchun amal qiladi:
- davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga;
- ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 6-dekabrdan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 5-iyun kuni “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi. Unga davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi, manfaatlar to‘qnashuvi, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma, shaxsiy manfaatdorlik, yaqin qarindoshlar kabi asosiy tushunchalar kiritilgan.
Qonunga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi tomonidan mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabarnoma hamda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etish orqali amalga oshiriladi.