Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida noqonuniy ov oqibatida tabiatga katta miqdorda zarar yetkazildi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi.

Tungi nazorat reyd tadbirida Jondor tumanida yashovchi 4 nafar fuqaro elektr qarmoq yordamida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 20 dona Turkiston mo‘ylovdorini, shuningdek, 25 dona zog‘orabaliqni ovlagani aniqlangan. Ular baliqlarni olib ketayotganida tezkor guruh xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

Ushbu huquqbuzarlik natijasida tabiatga 1 milliard 603 million 125 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Ma’lumot uchun, Qizil kitobga kiritilgan 20 dona Turkiston mo‘ylovdorining har biri uchun 26 million 250 ming so‘m, jami 525 million so‘m zarar hisoblangan. 25 dona zog‘ora baliqning har bir donasi uchun 375 ming so‘m, jami 9 million 375 ming so‘m zarar hisoblangan. Baliqlar taqiqlangan elektr qarmoq yordamida ovlangani uchun zararlar 3 baravar ko‘paytirilgan.

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida prokuratura organlariga taqdim etildi.