Toshkent shahrida 8-noyabr kuni ekskavator gaz quvuriga shikast yetkazdi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi. Ikkita tuman aholisi qisman gazdan uzildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida qazish ishlarini olib borayotgan ekskavator ish jarayonida o‘rta bosimli gaz quvurini uzib yuborgan.
Buning oqibatida shu tumanda joylashgan ko‘p qavatli binolardagi 2400 ta va 1100 ta yerli xonadon, shuningdek, Mirobod tumanining Nukus, Abdulla Qahhor, Damariq va Hamid Sulaymon ko‘chalari iste’molchilari vaqtincha tabiiy gaz tarmog‘idan o‘chirilgan.
Energovazirlik ta’mirlash ishlari yakunlangach tabiiy gaz ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanishini ma’lum qildi.