Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yana noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holati aniqlandi, deb xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.
Tashkilotning hududiy boshqarmasi, prokuratura va huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligida tungi reyd tadbiri o‘tkazilgan. Unda Chirchiq daryosining qirg‘oq hududida davlat raqami yechib olingan ekskavator yordamida qum-shag‘al aralashmasi ortilayotgani ma’lum bo‘lgan.
Aniqlanishicha, qazib olingan moddalar “G.S.” MCHJga tegishli tosh maydalash sexiga olib borib to‘kilayotgan bo‘lgan.
Oqibatda tabiatga 233 milliard 99 million 588 ming 672 so‘m zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga va boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 17-yanvardagi “Suv omborlarida metall bo‘lmagan materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Chirchiq, Sirdaryo, Sanzor, Zarafshon, Norin daryolari o‘zanlarida metall bo‘lmagan materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy e’lon qilingan. Ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida 1-maydan boshlab bu Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari suviga ham amal qiladi. Moratoriy davrida ushbu faoliyat oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan summalar 10 barobar oshadi.
Avvalroq Bosh prokuratura Chirchiq daryosining qo‘riqlash zonasida 10 dan ortiq tadbirkor moratoriyga qaramay, noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olishda davom etayotgani haqida xabar bergandi. Qurilish materiallari zavodi ham ishlamoqda. BP kompaniyalarning litsenziyalari haligacha bekor qilinmaganini afsus bilan qayd etgan.
2022-yil iyul oyida Senat daryo va soylardagi qum va shag‘allarni qazish oqibatida suv resurslarining kamayishi masalasini ko‘rib chiqqandi. “Daryolarning egasi yo‘qdek, suvning egasi yo‘qdek… Daryo o‘zanlarini tozalash, daryo o‘zanlaridan foydali qazilmalar qazib olishga qat’iy cheklov o‘rnatish vaqti keldi, deb hisoblayman”, — degandi o‘shanda senator Risqul Siddiqov.
2023-yil iyun oyida ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov vazirlik qurilish maqsadlarida daryo o‘zanlaridan shag‘al va qum qazishni taqiqlash niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Buning uchun qum-shag‘al materiallarini qazib olishning yangi manbalarini ochish zarur, degan u.
2024-yil 1-may kuni prezident farmoni bilan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgandi.