O‘zbekistonda avtomobilga ulkan tosh qulashi oqibatida halok bo‘lganlar orasida Vengriya fuqarolari borligi ma’lum bo‘ldi. Bu ma’lumotni O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Taxtaqoracha dovonida joylashgan M-39 Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lining 1137-kilometrida tog‘dan qulagan ulkan tosh Cobalt rusumli avtomobilni pachoq qilgan. Hodisa taxminan soat 16:00 da sodir bo‘lgan. Samarqand yo‘nalishida ketayotgan mashinadagi uch kishining barchasi voqea joyida halok bo‘lgan.
O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi “ikki nafar Vengriya fuqarosining fojiali halok bo‘lganligi haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildi”.
“Vafot etganlarning yaqinlariga va oila a’zolariga samimiy hamdardlik bildiramiz. Ushbu baxtsiz hodisa, afsuski, dunyoning istalgan nuqtasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofat oqibatida ro‘y berdi. O‘zbekiston tomoni barcha tafsilotlarni aniqlash uchun sinchkovlik bilan tergov o‘tkazmoqda. Shuningdek, halok bo‘lganlarning jasadlarini vatanlariga tez orada qaytarishda to‘liq yordam berishga tayyormiz”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Vengriya ommaviy axborot vositalari yo‘lovchilar vengriyalik sayyohlar, haydovchi esa O‘zbekiston fuqarosi ekanini xabar qilgandi.