Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-noyabr holatiga O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari oktabr oyida 2 mlrd dollarga oshgan holda 43,14 mlrd dollarni (+4,9 foiz) tashkil etdi. Bu statistik ma’lumotlar mavjud bo‘lgan 2013-yildan keyingi davr uchun navbatdagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Markaziy bank zaxiralari ketma-ket to‘rtinchi oy rekordni yangilamoqda: iyulda zaxiralar 1,06 mlrd dollarga, avgustda 1,75 mlrd dollarga, sentabrda 1,98 mlrd dollarga, oktabrda esa 2 mlrd dollarga oshdi. Yil boshidan buyon esa zaxiralar 8,58 mlrd dollarga (+24,8 foiz) ko‘paydi.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oyda valyuta zaxiralari yana 510,8 mln dollarga oshgan — 8,71 mlrd dollardan 9,22 mlrd dollargacha (iyun-iyul oylarida oltin sotib olish hisobiga 1,58 mlrd dollarga kamaygandi).
Biroq yil boshidan hisoblaganda (yanvar-oktabr) valyuta zaxiralari 149,1 mln dollarga, jumladan, mamlakat tomonidan 2019-yilda chiqarilgan 500 mln dollarlik suveren yevroobligatsiyalar bo‘yicha qarzni to‘lash hisobiga kamaygandi.
Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi yana biroz — 20 ming troya unsiyasiga (622 kg), ya’ni 12 mln troya unsiyasigacha (373,2 tonna) kamaydi.
Shunga qaramay, oltin zaxiralari qiymati 1,5 mlrd dollarga oshib, avvalgi 31,86 mlrd dollardan navbatdagi rekord ko‘rsatkich — 33,36 mlrd dollargacha yetdi. Sababi, oktabr oyida oltin kotirovkalari 2,3 foizga oshdi: 2660,5 dollardan 2721,5 dollargacha. 30-oktabrda tarixda birinchi marta oltin narxlari troy unsiyasi uchun 2800 dollardan oshdi.
Bundan tashqari, Markaziy bank zaxiralaridagi qimmatli qog‘ozlar miqdori yangi xorijiy davlat obligatsiyalarini xarid qilish hisobiga 2,8 baravarga oshdi — 35,7 mln dollardan 100,9 mln dollargacha. Avvalroq regulyator AQSh g‘aznachilik qog‘ozlarini sotib olgandi.
Shunisi e’tiborga loyiqki, Markaziy bank o‘z zahiralarida O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘TTJ) aktivlarini ham aks ettiradi, bu jamg‘arma esa amalda davlat budjetining bir qismiga aylangan. Uning hajmlari haqida ma’lumotlar alohida ochiqlanmaydi. Avvalroq S&P Global Ratings xalqaro reyting agentligi O‘TTJ aktivlarini Markaziy bank zaxiralaridan chegirib tashlashni qayd etgandi, chunki “fond aktivlari birinchi navbatda monetar yoki to‘lov ehtiyojlari uchun emas, balki fiskal ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan”.
S&P bergan bahoga ko‘ra, O‘zbekistonning mavjud valyuta zaxiralari oltin narxining kutilayotgan pasayishi va joriy hisob taqchilligi davom etayotgani tufayli 2027-yilgacha qisqarib boradi.
Markaziy bankning oltin zaxiralari umumiy oltin-valyuta zaxiralari hajmining 80 foizdan ortig‘ini (bugungi kunda — 77,3 foiz) tashkil etadi. Markaziy bank O‘zbekistonda qazib olingan oltinni sotib olishda ustuvor huquqqa ega. U o‘z intervensiyasining o‘zbek so‘miga ta’sirini kompensatsiya qilish uchun oltinni milliy valyutada sotib olib, keyin mahalliy bozorda dollarlarni sotadi.
Markaziy bankning oltin-valyuta zaxiralari milliy iqtisodiyot va moliya tizimining barqarorligini ta’minlashda asosiy rolni o‘ynaydi. Ulardan keskin tebranishlar vaqtida milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash uchun kursga ta’sir o‘tkazish, kreditorlar oldidagi tashqi majburiyatlarni to‘lash, inqirozli vaziyatlarda importni qoplash, shuningdek, tashqi iqtisodiy xatarlardan sug‘urta sifatida foydalanish mumkin.
Zaxiralar eksport qilinadigan tovarlar narxining keskin o‘zgarishi, xalqaro sanksiyalar, global moliyaviy inqirozlar yoki valyuta bozorlaridagi tebranishlar kabi tashqi shoklardan himoya qiluvchi o‘ziga xos “xavfsizlik yostiqchasi” hisoblanadi.