6-noyabr kuni tush vaqtidan so‘ng Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida 28 yoshli ayol xususiy poliklinikada olgan muolajasidan so‘ng vafot etdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
U Shahrisabz shahridagi Kesh Med Sino xususiy poliklinikasiga borib, shifokorga anginasi shishib ketgani bo‘yicha murojaat qilgan.
Poliklinikaning lor shifokori bemorning tomog‘i shishib, yiringlagani sababli uning tomoq qismidan “Seftriakson” antibiotigi va “Deksametazon” dori vositalari aralashmasidan in’eksiya yuborgan.
- Seftriakson — keng ta’sir doirasiga ega bo‘lgan kuchli antibiotik bo‘lib, bakteriyalarga qarshi kurashishda ishlatiladi.
- Deksametazon — kuchli yallig‘lanishga qarshi va immunitetni susaytiruvchi ta’sirga ega bo‘lgan glyukokortikoid preparat.
Buning oqibatida tili tortilib ketib, sog‘lig‘i yomonlashgan bemor ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay ҳодиса joyida vafot etgan.
Voqea joyiga Shahrisabz shahar prokuraturasi tergov tezkor guruhi yetib borib, holat ro‘y bergan joyni ko‘zdan kechirgan.
Bemor vafoti yuzasidan Shahrisabz shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv boshladi.