2025-yilda O‘zbekiston davlat budjetidan elektr energiyasi, tabiiy gaz narxlaridagi tafovutni qoplash va issiqlik korxonalariga subsidiyalar uchun 12,3 trln so‘m ajratilishi kutilmoqda. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan budjetnomada qayd etilgan.

бюджет 2025, бюджетнома, сuбсидия, tabiiy gaz, elektr energiyasi

Subsidiyalar summasi 2026-yil 11 trln so‘mgacha pasayishi, 2027-yildan esa yana o‘sishni boshlashi (11,6 trln so‘m) kutilmoqda. Hujjatda gaz va elektr energiyasiga tariflar 2024-yilda oshirilgani va 2025-yilda yana oshirilishi kutilayotganiga qaramay davlat energetika sohasi uchun subsidiyalardan hozircha voz kechishni rejalashtirmayotganini ko‘rish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda tabiiy gazning o‘rtacha xarid bahosi (bozor narxi) va ichki bozorda sotish (tartibga solinadigan tariflar bo‘yicha) o‘rtasidagi tafovutni qoplash uchun Davlat budjetidan 17,99 trln so‘m ajratilgan (dastlab 12,4 trln so‘m ajratilishi belgilanganiga qaramay). Xususan, O‘zbekiston xorijiy kompaniyalar bilan qo‘shma loyihalar asosida eksportga mo‘ljallangan gazni eksport narxlarida sotib olib, keyinchalik ichki bozorda sotish uchun import qilgandi.

15-may kuni O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov energoresurslar bo‘yicha tariflarni belgilashda gaz importi ham hisobga olinganini ta’kidlagandi.

“Tariflarni belgilashda, yana aytaman, xarajatlarning bir qismini qoplash, tabiiy gazni import qilish xarajatlari ham hisobga olingan. Elektr energiyasini Turkmanistondan, yozda esa Qirg‘iziston va Tojikistondan import qilamiz. Tojikiston tariflari o‘tgan yillarga nisbatan o‘zgarmagan, Turkmanistonniki esa o‘tgan yilga nisbatan biroz oshgan. Hisob-kitoblar olib borilgan va bularning barchasi hisobga olingan”, — degandi u.

Shuningdek, Jo‘rabek Mirzamahmudov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida yangi tariflar hisobidan xarajatlarning qaysi qismi qoplanishi va davlat budjetidan energiya resurslari uchun subsidiyalar qachon to‘xtatilishi haqidagi savolga javob bergandi.

“Biz ikki yo‘nalishda ishlayapmiz. Ha, tariflarni oshirish xarajatlarning bir qismini qoplaydi, ammo xarajatlarimizni optimallashtirish kerak, bu bo‘yicha bizda aniq maqsadli parametrlar bor, bu ikkinchi vazifa. Ushbu ikki parametr orqali qanday qilib muvozanatga erishishimiz mumkinligini ko‘rib chiqyapmiz”, — deya javob bergandi o‘shanda vazir.

2024-yilda gaz uchun subsidiyalar miqdorini 9,5 trln so‘mgacha qisqartirish, kelgusi yilda esa bunga 7 trln so‘m ajratish rejalashtirilgan. Elektr energiyasini sotib olish va sotish narxi o‘rtasidagi farqni qoplash uchun 2024-yilda 2,5 trln so‘m, 2025-yilda esa 500 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Infografika: “Gazeta.uz”Infografika: “Gazeta.uz”

Shu bilan birga, gaz va elektr energiyasi tannarxining qanday shakllanishi bo‘yicha ma’lumotlar ochiqlanmay kelinadi.

Energiya narxining shaffof bo‘lishi lozimligi haqida sobiq deputat Doniyor G‘aniyev gapirgandi. 2024-yil aprel holatiga ko‘ra, elektr energiyasi narxi 1 kVt/soat uchun 1000 so‘mga yaqin, gazniki — kubometri uchun 2000 so‘m atrofida. U korxonalarning operatsion xarajatlarini, shu jumladan, investitsiya loyihalari va kredit to‘lovlarini o‘z ichiga oladi. 2023-yil sentabr oyida Energetika vazirligi 1 kVt/soat elektr energiyasi tannarxi 970 so‘m (2022-yil mayidan +21,2 foiz), gazning bir kubometri esa 1890 so‘m (+35 foiz) ekani haqida xabar bergan edi.

“Xavotir shundaki, bizning qilgan islohotimiz (birinchi bosqichda tariflarni oshirish — tahr.) bitta qadam bo‘lib, 2−3 yildan keyin yana o‘zining [ta’sirini] yo‘qotadi. Nimaga desangiz, hozir biz [narxlarni] tannarxga go‘yoki olib kelyapmiz, lekin 2−3 yilda hozirgi, energiyada shaffoflik yo‘q tizim bilan kim kafolat beradi tannarxlar yana ikki barobar oshib ketmasligiga?” — degandi Doniyor G‘aniyev.

Hukumat elektr energiyasining narxi hozirda 1 kVt/soat uchun 1000 so‘mni tashkil etishini da’vo qilmoqda, biroq “biz bilmayapmiz bu tokning tannarxi qayerdan hisoblanayotganini”, — deydi G‘aniyev.

“Ya’ni gazni sotib olayotgan, qazib olayotgan xususiydan necha pulga olyapti, davlatnikidan necha pulga olyapti, qaysi kreditlarning operativ xarajatlari o‘tiribdi bu yerda, qaysi yo‘qotishlar, qaysi samarasizlik, o‘g‘riliklar, talon-torojliklar o‘tiribdi buning ichida… buni aniq bilmayapmiz, shaffof raqamlar yo‘q, afsuski. Ular bergan raqamga ishonishga majbur bo‘lyapmiz”, — deya qo‘shimcha qilgandi parlamentariy.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni bo‘lib yig‘ilishda 2025-yil energetika korxonalari uchun tejamkorlik va samaradorlik yili bo‘lishini ta’kidlagandi. Davlat rahbari har bir energetika korxonasining birinchi galdagi vazifasi tannarxni kamaytirish ekanini aytdi.