O‘zbekiston aylanmadan olinadigan soliq stavkalaridan voz kechishi mumkin. Bu 2025-yilga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari qabul qilinishi rejalashtirilgani munosabati bilan Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasidan kelib chiqadi.
Hujjatda aylanmadan soliqni qat’iy belgilangan stavka bo‘yicha undirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. U o‘tgan yili aylanma ulushidan kelib chiqqan holda (4%) soliqqa muqobil sifatida joriy qilingan edi.
2025-yil 1-yanvardan 500 million so‘mgacha bo‘lgan yillik jami daromad uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi 34 million so‘mni (+36 foiz), 500 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan daromadlar uchun 40 million so‘mni (+33,3 foiz) tashkil etadi.
Ushbu tartib muddatsiz joriy qilingan, biroq endi u 2026-yilning 1-yanvarigacha amal qiladi. Ya’ni bu muddatdan so‘ng mikrofirmalar aylanma soliqni soddalashtirilgan tartibda to‘lash imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin.
Moliyachi Otabek Bakirov bu juda salbiy chora, deb hisoblamoqda. “Agar antibiznes qonuni kuchga kirsa, tadbirkorlikni boshlash va mavjudini oqartirishga bo‘lgan barcha motivatsiyani o‘ldirishga xizmat qiladi. Mazkur mexanizmni shaxsan davlat rahbarining o‘zi kichik tadbirkorlik oyoqqa turishi uchun taklif etgani va joriy qilganiyam o‘zbek chinovniklarini to‘xtatib qolmayotgan ko‘rinadi”, — deb yozdi u.
Bundan tashqari, Soliq kodeksining 343, 470 va 470−1-moddalariga (matnlari hali e’lon qilinmagan) qat’iy belgilangan aylanma solig‘ini to‘lash tartibini o‘z ichiga olgan o‘zgartishlar kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Qat’iy belgilangan aylanma soliq stavkalari joriy etilishi to‘g‘risida prezident 2022-yil 22-avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qilgandi. O‘shanda u mikrobiznes subyektlari ixtiyoriy ravishda yiliga 20−30 million so‘m to‘lasa, buxgalteriya hisobini yuritish va soliq idoralariga taqdim etish majburiyatidan ozod etilishini ta’kidlagandi.
Keyinroq moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Dilshod Sultonov “Gazeta.uz” bilan suhbatda yangi mexanizm qanday foyda keltirishini tushuntirib bergandi. Xususan, belgilangan miqdorda soliq to‘lashga qaror qilgan mikrofirma toifasiga kiruvchi (aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan) soliq to‘lovchi buxgalteriya hisobini yuritish, moliyaviy hisobot va aylanma solig‘i bo‘yicha soliq organlariga soliq hisobotini taqdim etishdan to‘liq ozod qilinadi. Shuningdek, tadbirkor moliyaviy hisobotlarni taqdim etmasdan, ya’ni dividendlar ko‘rinishidagi daromaddan daromad solig‘ini to‘lamasdan dividendlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Shartli ravishda kichik do‘kon bor deylik. Uning vazifasi faqat nazorat-kassa mashinasida cheklarni chiqarish bo‘ladi. Qolgan hamma narsa uning vakolatiga kirmaydi: kiruvchi hujjatlarning hisobini, ombordagi inventar buyumlar balansini saqlashga hojat qolmaydi. Ya’ni bunday hisob-kitob majburiyatlari endi ularga yuklanmaydi. Shunga ko‘ra, ushbu soliq to‘lovchi har oy budjetga qat’iy belgilangan miqdorda aylanma solig‘ini to‘lashi shart, bu esa unga buxgalterga ega bo‘lish va bu hisobotlarni yuritish majburiyatidan xalos bo‘lish imkonini beradi (bu taklif prezident qaroriga kiritilmagan — tahr.)”, — deb tushuntirgan u.
Vazir o‘rinbosari bu tartibni majburiyat emas, balki huquq sifatida ko‘rish kerakligini ta’kidlagandi.
Biroq bu takliflarning hammasi ham amalda qo‘llanmadi. Masalan, aylanma solig‘ining qat’iy belgilangan miqdorini to‘laydiganlar hali ham omborda buxgalteriya hisobi, tushum va inventar qoldiqlarini hisobga olish bilan shug‘ullanadi.
“Gazeta.uz” Soliq qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga so‘rovlar yubordi.
Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yil soliqlarda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kutilayotganini ma’lum qilgandi: bazaviy soliq stavkalari saqlanib qoladi, lekin import qilinadigan gaz uchun aksiz solig‘i qaytariladi, qat’iy belgilangan soliq stavkalari, marketpleyslar, suv va boshqalar uchun soliqlar oshiriladi.