8-noyabrga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga “Iskander-M” ballistik raketasi, to‘rtta X-59/69 aviatsiya raketasi va “Shahed” tipidagi 92 ta zarba beruvchi dron va noma’lum turdagi dronlar bilan hujum qildi. Bundan tashqari, Xarkov va Sumi viloyatlariga boshqariladigan bombalar bilan zarba berildi, deb xabar qildi Ukraina havo kuchlari matbuot xizmati.

To‘rtta X-59/69 raketasi ham, 62 ta dron ham urib tushirildi, deyiladi xabarda.

O‘tgan sutkadagi hujumlar oqibatida eng katta zarar Zaporoje, Xarkov va Odessa viloyatlarida ko‘rildi.

Zaporoje viloyatida kun davomida viloyat markazi Zaporoje shahri va yana bir nechta aholi punktlariga jami 16 ta havo hujumi, 6 ta zenit otishmasi va 168 ta artilleriya zarbasi uyushtirildi. Hammasi bo‘lib 15 ta aholi punkti zarar ko‘rgan, dedi viloyat rahbari Ivan Fyodorov. Uy-joylar va infratuzilma obyektlari zarar ko‘rgani bo‘yicha 149 ta xabar kelib tushgan.

украинадаги уруш

Foto: Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati /Telegram

Zaporojening o‘qqa tutilishi oqibatida 9 nafar tinch aholi, jumladan, bir yoshli bola halok bo‘ldi. Shaharda motam kuni e’lon qilindi.

Zaporoje tibbiyot muassasalarida 15 nafar jabrlangan bor, jumladan, besh yoshli bola o‘ta og‘ir ahvolda. Shifokorlar yana to‘rt kishining, xususan, ikki nafar tibbiyot xodimining ahvolini og‘ir deb baholamoqda. Jami 40 kishi jarohatlangan, ular orasida 4 nafar bola bor.

Xarkovda 12 qavatli turar joy binosining o‘qqa tutilishi sababli birinchi qavatdan uchinchi qavatgacha bo‘lgan qismida bitta pod’ezd vayron bo‘ldi, dedi viloyat rahbari Oleg Sinegubov. Qutqaruvchilar aholini vayronalar ostidan olib chiqdi. Ushbu uyning 30 nafar yashovchisi, jumladan, 4 nafar bola evakuatsiya qilindi. Shahar meri Igor Terexovning ma’lum qilishicha, 25 kishi, jumladan, uch oylik chaqaloq yaralangan.

украинадаги уруш

Foto: Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati /Telergam

Bundan tashqari, aviabombalardan o‘qqa tutilishi oqibatida 3 ta ma’muriy bino, 6 ta xususiy uy, 3 ta savdo paviloni va 4 ta metro chiqish joyi zarar ko‘rgan.

Odessa viloyatida dronlar fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazdi, uchuvchisiz uchish apparatlari hujumiga xususiy uylar ham uchradi, bir nechta uylarda yong‘inlar sodir bo‘ldi, dedi viloyat rahbari Oleg Kiper. Oqibatda bir kishi halok bo‘ldi — hujum vaqtida avtomobil boshqaruvida bo‘lgan 46 yoshli erkak yaralanib vafot etdi.

украинадаги уруш

Oleg Kiper / Odesskaya ODA /Telegram

Yana sakkiz kishi jarohatlangan, 91 yoshli ayolda stressga yaqin holat kuzatilmoqda. Olti nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan. Boshqalarga esa shu yerning o‘zida yordam ko‘rsatildi.

“Rossiya hayotimizni yo‘q qilishga urinayotganda xalqaro miqyosda ham birgalikda va qat’iy harakat qilish muhim. Terror salohiyatini kamaytirish, uni to‘sib qo‘yish uchun harakat qilish lozim. Ukrainaga buning uchun kuch kerak. Adolatli tinchlikka erishish va odamlarimizning o‘limiga chek qo‘yishning yagona yo‘li shu. Havo hujumidan mudofaa, qurol-yarog‘ paketlari, tajovuzkorga qarshi sanksiyalar — bu nafaqat so‘zda, balki harakatda ham zarur bo‘lgan javob”, — dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.