Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Fransiyaning xalqaro energiya ishlab chiqaruvchisi Voltalia’ga tegishli Sarimay Solar kompaniyasiga O‘zbekistonning Xorazm viloyatida quyosh elektr stansiyasi qurish uchun mablag‘ ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati, shuningdek, Voltalia kompaniyasi vakillari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Yevropa iqtisodiyoti kunlarida xabar berdi.

YTTBning 54,6 million dollargacha bo‘lgan moliyalashtirish paketi 44,8 million dollargacha kredit, shuningdek, qurilish bosqichida Sarimay Solar kompaniyasini qo‘llab-quvvatlaydigan 9 million yevrolik maxsus moliyalashtirish dasturidan iborat bo‘ladi.

Loyiha YIning Yevropa barqaror taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ajratilgan 7 million dollarlik kreditning birinchi transhini qoplash kafolatini oladi. YeI mablag‘lari YTTB faoliyat yuritayotgan YeIdan tashqaridagi mamlakatlarda iqlim o‘zgarishini yumshatish texnologiyalarini joriy qilishni tezlashtirishga mo‘jallangan.

Moliyalashtirish Sarimay Solar kompaniyasiga 100 MVt quvvatga ega yangi quyosh fotoelektr stansiyasini qurish va foydalanishga topshirishga yordam beradi, bu O‘zbekistonning 2030-yilgacha 25 GVt gacha quyosh va shamol energiyasini ishlab chiqarish maqsadiga hissa qo‘shadi.

Bu Voltalia kompaniyasining O‘zbekistonda tanlov asosida g‘olib bo‘lgan qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha birinchi loyihasi hisoblanadi. Stansiya ishga tushirilgach, yiliga 252 GVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishi va uglerod gazining yillik chiqindilarini 141 ming tonnadan ortiq kamaytirishi kutilmoqda.