Shavkat Mirziyoyev 7-noyabrdagi yig‘ilishda suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning yagona yo‘li raqamlashtirish ekanini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Nasos stansiyalariga 1,7 mingta “onlayn” nazorat qurilmasi va 12 mingta “aqlli suv” qurilmasi olib kelingan. Lekin ulardan olinadigan ma’lumotlarni jamlab, tahlil qiladigan axborot tizimi yo‘q, dedi prezident.
Shu bois Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tashkil etiladi. Ushbu markaz suv iste’moli va uni hisobini yuritishning yagona axborot tizimini ishga tushiradi.
Ta’kidlanishicha, hozirda suv solig‘idan tushumning 40 foizi tuman suvchilarida qolmoqda. Lekin, 27 ta tumanda undirilgan suv solig‘idan mablag‘ suv yetkazish xizmatlariga o‘tkazib berilmagan. Viloyat hokimliklariga bir haftada ushbu kamchilikni bartaraf qilish topshirildi.
Davlat rahbari, shuningdek, Moliya vazirligiga bundan buyon suv solig‘idan tushum budjet va suvchilar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlanishini ta’minlash vazifasini qo‘ydi.
Shu yig‘ilishda O‘zbekistonda suv yo‘qotilishini kamaytirish maqsadida kanallarni betonlash dasturini davom ettirish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi. 2025-yilda bu maqsadga 800 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Prezident betonlangan kanallarda suv oqimini tezlashtirish hisobiga kichik GESlar qurish imkoniyatini qayd etdi.